Shu yilning 3-yanvarida Oqdaryo tumaning “Davlan” qishlogʻida yashovchi oilaning uyi yonib ketdi. Oqibatda oila vakillariga tegishli barcha hujjatlar kuyib kul boʻldi.
Fuqaro Sh.Samatova Oqdaryo tuman adliya boʻlimiga oʻzi va turmush oʻrtogʻining fuqarolik pasporti hamda oʻzlarining va 3 nafar farzandlarining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalari yongʻin paytida yonib ketgani sabab amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Bu haqda Samarqand viloyat adliya boshqarmasi maʼlum qildi.
Murojaat oʻrganilib, tegishli vakolatli idoralarni hamkorlikka jalb qilgan holda, tuman adliya boʻlimining tashabbusi bilan barcha hujjatlar bepul rasmiylashtirilib berildi.
Oila vakillari — A.Boliyev va Sh.Samatovaning pasporti va tugʻilganlik guvohnomalari, farzandlari R.Akbarova, Sh.Akbarov, Sh.Samatovlarga tugʻilganlik haqida guvohnomalar amaldagi qonun hujjatlariga binoan davlat bojidan ozod etilgan holda, qayta rasmiylashtirilib berildi.
Natijada bir murojaat ortidan 5 nafar fuqaroning 7 ta hujjati tiklandi.