Millatlararo munosabatlar mamlakatimizni demokratlashtirish, modernizatsiya qilish va islohotlarni amalga oshirishda, barqaror rivojlanishda muhim oʻrin tutadi. Shuning uchun ham bu masala doimiy diqqat eʼtiborda.
Nukus shahridagi “Doʻstlik uyi”da 41ta nodavlat va notijorat tashkilot hamda 5 ta milliy madaniy markaz joylashgan boʻlib, milliy madaniy markazlar erkin faoliyat koʻrsatishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2 million nafarga yaqin oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz, turkman, tojik, rus, belarus, ukrain, koreys, tatar, ozarbayjon, moldovan, arman, gruzin, yahudiy, nemis kabi turli millat vakillari doʻstlikda, hamjihatlikda yashab kelmoqda. Eng muhimi, bagʻri keng qoraqalpoq diyorida barcha millat vakillari oʻz tili, urf-odat va anʼanalari, tarixi va madaniyatini oʻrganishi, rivojlantirishi uchun teng imkoniyatga ega.
— Qoraqalpogʻistonning Taxiatosh, Xoʻjayli, Shumanay, Toʻrtkoʻl, Ellikqaʼla, Beruniy va Amudaryo tumanlarida 100 mingdan ziyod turkman millati vakillari boshqa millatlar bilan qoʻshni, quda-anda boʻlib yashab kelmoqda. Hududda oʻqish turkman tilida olib boriladigan 40 dan ziyod maktab mavjud, — deydi turkman milliy madaniy markazi rahbari Rejep Avezov. — Shuningdek, Qoraqalpogʻistondagi oliy taʼlim muassasalarida turkman tili filologiyasi boʻyicha ham mutaxassislar tayorlanmoqda. Osmoni musaffo Oʻzbekistonda, jumladan, Qoraqalpogʻistonda bunday sharoitlar yaratilishi millatidan, dinidan qatʼi nazar, barcha insonlarning teng huquqli ekanidan darak beradi. Biz barcha millat vakillari bilan ogʻa-ini, qarindosh boʻlib ketganmiz. Har bir bayram va tantanada oʻzimizning milliy quy-qoʻshiq va raqslarimiz bilan qatnashib kelamiz. Oʻzbekiston hukumati milliy madaniy markazlar faoliyatini har jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqda. Ayni paytda bizga grantlar, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar ajratilib, turli ilgʻor tashabbuslarimiz faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Qoʻshni mamlakatlar bilan barcha sohalarda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalarni, hamjihatlikni rivojlantirish mamlakatimiz siyosatida katta oʻrin tutadi. Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning oʻzaro totuvligini rasmiy roʻyxatdan oʻtgan 16 ta diniy konfessiya vakillari orasidagi oʻzaro mustahkam hamkorlikdan ham bilsa boʻladi.
Qoraqalpogʻistondagi qozoq milliy madaniy markazi ham oʻz faoliyatini faol olib bormoqda. Bu yerda qozoq millatiga mansub yurtdoshlarimiz erkin mehnat va ijod qilishlari uchun barcha sharoit mavjud.
— Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Taxtakoʻpir va Beruniy tumanlarida qozoq millati vakillari oʻzlarining milliy turmush tarzi, urf-odat va anʼanalarini saqlagan holda istiqomat qilib kelmoqda. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar barchamizni quvontiradi, yangi marralarga undaydi, — deydi qozoq milliy madaniy markazi rahbari Janjayxan Darmenov. — Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasida xalqlar doʻstligi, millatlararo totuvlik, birdamlik, oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. Iqtisodiy munosabatlarimiz kengayib, madaniy hamkorligimiz ham rivojlanmoqda.
Taxtakoʻpirning “Qoʻngʻirotkoʻl” ovul fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan tuman madaniyat boʻlimiga qarashli “Sarjaylaoʻ” qozoq ashula va raqs jamoasi 40 yillik tarixga ega boʻlib, bugunga qadar koʻplab iqtidor egalari kashf etilgan. Jamoa nafaqat qozoq, balki oʻzbek va qoraqalpoq qoʻshiqlarini ham dunyoga yoyib kelmoqda. Bu ham yurtimizda barcha millat va elatlar birligidan nishonadir.
1937-yilning kuzida Qoraqalpogʻistonga 1383 ta oila koʻchirib keltirilgan. Ular koreys millatiga mansub oilalar boʻlib, baliqchilik xoʻjaliklari tashkil etishda ishtirok etadi. Bu koreyslar oʻsha paytda Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Xoʻjayli tumanlarida qator jamoa xoʻjaliklari va artellarga asos solishadi.
— Ota-bobolarimizning fidokorona mehnati tufayli Qoraqalpogʻistonda katta miqdorda sholi yetishtirila boshlandi. Bugun respublika aholisi sholining koreys seleksionerlari yaratgan “Avangard” va “Nukus-2” navlarini sevib isteʼmol qilishadi, afzal koʻrishadi, — deydi koreys milliy madaniy markazi rahbari Marina Kogay. — Hozir Qoraqalpogʻistonda 6 ming nafardan ziyod koreys millatiga mansub aholi boʻlib, ularning aksariyati Nukus shahri, Xoʻjayli va Qoʻngʻirot tumanlarida istiqomat qiladi. Koreyslar ham boshqa xalqlar va millatlar qatori fidokorona mehnat qilib, xalq xoʻjaligi va mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ular orasida oʻzlarining mehnatlari bilan tanilgan shifokorlar, agronomlar, iqtisodchilar, sportchilar, musiqachilar, oʻqituvchilar bor.
Koreys markazida tashkil etilgan til toʻgaraklarida maktab oʻquvchilari va oliy oʻquv yurti talabalariga koreys, oʻzbek, rus va ingliz tillari oʻrgatiladi. Bu yerda yoshlar va koreys oyoq oʻyinlar toʻgaragi ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini taʼminlash turadi. Fuqarolar manfaatini faqat millatlararo tinchlik va osoyishtalik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish orqaligina taʼminlash mumkin.
Ulugʻ alloma Abdulla Avloniy bagʻrikenglik boʻlmasa, qanday oqibatlar kelib chiqishi haqida gapirar ekan, jumladan, shunday deydi: “Qaysi bir millatning orasida birlik koʻtarilub, nifoq va adovat hukm surgan boʻlsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganligi tarix sahifalaridan maʼlumdir”.
Yurtimizni turli millatlar jam boʻlgan katta bir oilaga qiyos qilsak, bu yerda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik borasida amalga oshirilayotgan ishlar va qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar har birimiz uchun faxrlansa arzigulik jarayondir.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.