Til va alifbo millatning nafaqat ötmişi hamda madaniyatini, balki buguni va kelajagini ham belgilab beruvçi boş omil. Sönggi yillarda mamlakatimizda özbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oşiriş va lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillaştiriş böyiça köplab işlar bajarildi. Prezidentimiz yaqinda imzolagan “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi qonuniga özgartiriş kiritiş haqida”gi qonunni ham ana şunday saʼy-harakatlar qatoriga qöşiş mumkin. Bu, şubhasiz, bir neça yildan buyon muhokama mavzusi bölib kelgan masalaning eng oqilona yeçimi böldi – alifbodagi uzoq yillik xato adolat bilan tuzatildi.

Darhaqiqat, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt asrida har bir alifbo isloh böliş bosqiçini boşdan keçirmoqda. Xöş, alifbomizdagi özgarişlar ona tilimizning raqamli dunyoda yaşab qolişini qay darajada taʼminlay oladi? Şu va boşqa savollar yuzasidan Özbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom ABDUHALIMOV bilan suhbatlaşdik.

— XX asrda xalqimiz bir neça bor alifbo islohotlarini boşdan keçirdi. Akademik va fundamental tilşunoslik nuqtai nazaridan yondaşganda, hozirgi 4 ta harfning özgarişi şunçaki texnik tahrirmi yoki özbek yozuvini “bir tovuş — bir harf” degan oltin qoidaga qaytaradigan, keyingi yuz yilliklarga xizmat qiluvçi yakuniy, mukammal ilmiy nuqtami?

— Özbek tilining tarixiy taraqqiyoti davomida bir neça marta alifbo özgarişlari yuz bergani bor gap. Bunga odil tarixning özi guvohlik beradi. Albatta, har bir davrdagi alifbo islohotlari öşa zamonning tarixiy şaroiti, ijtimoiy zarurati, şuningdek, madaniy va adabiy omillari bilan çambarças boğliq bölgan.

Masalan, XX asr boşlarida jadid maʼrifatparvarlari taşabbusi bilan amalga oşirilgan alifbo yangilanişi özbek ­tilining tovuş tizimini imkon qadar tugal ifodalaş zarurati, qolaversa, turkiy xalqlar yozuvi bilan özaro muştaraklikni taʼminlaş maqsadini yuzaga çiqargan edi. Keyinroq kirill alifbosining joriy etilişi esa öşa davr siyosati natijasi bölgan.

Mustaqillikning ilk yillari, aniqroği, 1993-yilda lotin grafikasiga asoslangan yangi alifboning joriy etilişi davlatimiz yuritgan mustaqil til siyosatining natijasi ölaroq, özbek tili tovuş tizimini yozuvda töliqroq ifodalaş hamda jahon ilm-faniga imkon qadar tezroq integratsiyalaşuvni közda tutgan. Uşbu alifbo dunyoga yuz oçib, öz qaddini rostlayotgan erkin mamlakat uçun neçoğliq ahamiyatli bölganini ham eʼtirof etişimiz joiz.

Biroq 1995-yilda qaysidir sabablarga köra ingliz alifbosiga yaqinlaştiriş urinişlari bilan özgartirilgan alifbomizdagi törtta harf (ö, ğ, ş, ç) keyingi 20 yillik yozuv tajribamizda turli murakkabliklarni keltirib çiqardi. Bu murakkabliklar haqida ommaviy axborot vositalarida ham qayta-qayta aytilayotgani uçun ularga yana alohida töxtalişga zarurat bölmasa kerak. Yaqinda maxsus qonun bilan takomillaştirilgan alifbomiz esa, eng avvalo, jadid bobolarimiz 1929-1940-yillarda qöllagan, şuningdek, mustaqil Özbekistonda 1993-yilda qabul qilingan alifboning eng ijobiy jihatlarini özida mujassam etgan.

Ilmiy asoslarga köra ham, takomillaştirilgan alifbomiz özini töla oqlaydi. Çunki unda qatʼiy ravişda “bir tovuş — bir harf” tamoyiliga tayanilgan. Alifboga özgartirişlar kiritiş jarayonida yetakçi olimlar, jumladan, tilşunoslar, adabiyotşunoslar, turli soha mutaxassislari va jamoatçilik vakillari bilan bölib ötgan bir neça muhokamalarda şunday xulosaga keldikki, mukammal alifbo xalqimizni yagona maqsad va muştarak intilişlar yölida birlaştiradigan, özbek tilining ilm-fan va texnologiyalar olamiga dadil kirib ­borişini ­taʼminlaydigan, milliy özligimizni dunyo miqyosida yanada yorqin namoyon etadigan hamda ona tilimizning kelajak avlodlar hayotida ham munosib örin egallaşiga mustahkam zamin yaratadigan ulkan maʼnaviy tayanç böladi.

— Bugun tillarning yaşovçanligi ularning sunʼiy intellekt, katta til modellari (LLM) va raqamli kodlaştiriş tizimlariga integratsiyalaşuvi bilan belgilanmoqda. Amaldagi murakkab qöşharflar va apostroflardan voz keçib, yagona diakritik belgilarga ötişimiz özbek tilining AT olamidan, raqamli makondan munosib örin topişiga qançalik yordam beradi? Kompyuter lingvistikasida qanday inqilob kutyapmiz?

— Bugun tillar nafaqat jonli muloqot va yozma aloqa vositasi, balki axborot oliş va uzatiş, bilim hamda tajribalarni töplaş va saqlaşning muhim omiliga aylangan. Ayni jarayonda tilning qöllaniş imkoniyatlari raqamli makonda ham tobora kengayib bormoqda. Hayot surʼati ğoyat oşgan globallaşuv asrida tillarning yaşab qolişi va raqobatbardoşligi ularning raqamli muhitga qançalik moslaşgani bilan ham bevosita boğliq.

Buning uçun tilning leksik-grammatik va uslubiy imkoniyatlari bilan birga yozuv tizimi ham texnologik jihatdan ilğor bölişi lozim. Milliy alifbomizni takomillaştiriş jarayonida uning zamonaviy axborot texnologiyalari bilan uyğunligi, raqamli makonda tölaqonli qöllanişi va kelgusi taraqqiyot talablariga qay darajada javob berişi masalasiga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaraldi.

Şu maqsadda alifboni takomillaştiriş jarayoniga raqamli texnologiyalar sohasining malakali mutaxassislari jalb etilib, ularning amaliy takliflari, texnologik yeçimlari va xulosalari atrofliça örganildi hamda bularning barçasi tegişli qarorlarni qabul qilişda inobatga olindi. Alifboda şakli özgartirilgan harflar raqamli texnologiyalar tomonidan qöllab-quvvatlanişi va Yunikod tizimlarida oson tanilişi bilan ajralib turadi. Uşbu törtta harf bilan bir qatorda milliy alifbomizdagi boşqa harflarning ham yagona grafik belgidan iborat bölişi özbek tilining raqamli makonga jadal va samarali integratsiyalaşuvi, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalaniş hamda tilimizning global axborot muhitidagi iştirokini yanada kengaytiriş uçun qulay şaroit yaratadi.

Avvalgi yozuvdagi qöşharflilik muammosi bartaraf etilişi natijasida özbek tili nuqtai nazaridan bir tovuşni ifodalovçi grafik belgi kompyuter dasturlari tomonidan ikkita alohida harf sifatida qabul qilinmaydi. Şuningdek, avvalgi

ö va ğ harflari örnidagi yangi harflarning qöşimça grafik belgisi asosiy harfdan ajratilmagan holda, yaxlit grafema sifatida taniladi. Bu esa matnlarni raqamli qayta işlaş, qidiriş, saralaş va tahlil qiliş jarayonlaridagi texnik muammolarni kamaytirib, özbek tilining axborot texnologiyalari bilan integratsiyalaşuvini yanada osonlaştiradi.

Bunday yangilanişlar öqiş va yoziş jarayonini qulaylaştiriş bilan birga avtomatik tarjima dasturlari, tabiiy tilni qayta işlaş platformalari va boşqa intellektual tizimlarning samaradorligi uçun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Özbek tilining mukammal grafik tizimga asoslangan holda raqamli muhitga moslaşuvi, öz navbatida, kompyuter lingvistikasining izçil rivojlanişiga keng yöl oçadi.

Zero, tilning yozuv tizimi axborot texnologiyalari tomonidan töğri va bir xilda talqin etilişini taʼminlamasdan turib, kompyuter lingvistikasi hamda tilga oid intellektual texnologiyalarni tölaqonli rivojlantiriş muşkul işdir.

— Uzoq yillar davomida ikki alifbo muhitida yaşadik. Lotin yozuvidagi noqulayliklar sabab köpçilik kirilldan voz keça olmadi. Sizningça, yangi harflar katta avlod vakillari uçun ham lotin yozuviga tez va oson moslaşişga psixologik jihatdan yordam beradimi? Ikkilanişga yakun yasaydimi?

— Özbek lotin yozuviga töliq ötiş jarayoni çözilişining turli sabablari mavjud bölib, siz taʼkidlagan omil ulardan biri. Katta avlod vakillarining kirill alifbosidan foydalanişida esa, avvalo, ularning şu yozuvda savod çiqargani, taʼlim olgani va yillar davomida asosiy ­axborot manbalari bilan aynan şu alifbo orqali işlaşga odatlangani ham muhim örin tutadi. Aslida, inson biror yozuvni öqiş jarayonida sözlarni harfma-harf öqimaydi, balki şakllangan köriş xotirasi va orttirilgan könikmalari tufayli ularni yaxlit holda idrok etadi hamda maʼnosini anglaydi.

Tabiiyki, yillar davomida muayyan yozuv tizimiga moslaşgan inson uçun sözlarni şu yozuvda taniş, öqiş va anglaş ança tez hamda qulay keçadi. Katta avlod vakillaridan tez-tez eşitiladigan “Kirill yozuvidagi kitobni öqisam, yaxşiroq tuşunaman” yoki “Kirill alifbosida osonroq anglayman” qabilidagi eʼtiroflar bejiz emas. Buning zamirida yillar davomida şakllangan köriş xotirasi, yozuv belgilarini yaxlit idrok etiş va sözlarni tez taniş könikmasi mujassam.

Xuddi şu fikrni lotin yozuvi misolida bugungi yoşlarga nisbatan ham aytiş mumkin: ular uçun lotin alifbosidagi matnlarni öqiş va anglaş kirill yozuviga qaraganda tez va qulay keçadi. Milliy alifbomizning takomillaştirilgan variantida esa harflar yonida apostrofga öxşaş qöşimça belgilar bölmasligi ularning grafik qiyofasini köz bilan tez ilğaş, harflarni bir-biridan oson farqlaş va sözlarni yaxlit holda idrok etiş imkoniyatini kengaytiradi.

Bu esa alifboning nafaqat yoziş, balki öqiş tezligi, matnni anglaş qulayligi va raqamli muhitda samarali foydalaniş talablariga mos bölişiga xizmat qiladi. Avvalgidan farqli ravişda, ç va

ş ­harflari ostidagi belgi mazkur harflarni mustaqil s va h harflaridan osonroq farqlaşga yordam beradi.

Kirill yozuvida savod çiqargan katta avlod vakillarining lotin alifbosidan foydalanişda muayyan qiyinçiliklarga duç kelişiga ö va ğ harflaridagi qöşimça belgilarni qöllaş noqulayligi, ayniqsa, ularni kompyuter klaviaturasida terişda yuzaga keladigan texnik muammolar ham taʼsir körsatgan.

Bunday noqulayliklar lotin yozuvida matn tayyorlaş jarayonini murakkablaştirib, kundalik yozma muloqotda kirill alifbosidan foydalaniş odatining saqlanib qolişiga sabab bölgan, deyiş mumkin. Alifbodagi ortiqça murakkabliklar bartaraf etilib, yozuvdan foydalaniş qulaylaşsa, bu katta avlod vakillarining lotin yozuviga psixologik jihatdan osonroq moslaşişiga ham kömaklaşadi. Takomillaştirilgan milliy alifbomizning muhim afzalliklaridan yana biri şundaki, unda bir harfni ikki xil şaklda yozişga ehtiyoj yöq. Bu esa yozuvdagi ikkilanişlarga barham berib, imlo birxilligini taʼminlaş, savodxonlikni mustahkamlaş va lotin yozuvidan foydalanişda qatʼiy işonçni şakllantiriş uçun mustahkam zamin hozirlaydi.

— Fanlar akademiyasi takomillaştirilgan alifboga ötiş davrida qanday ilmiy-amaliy yeçimlarni taklif etmoqçi?

— Takomillaştirilgan alifboga ötiş uçun olti oy muddat berilgan. Bunça muddat bejiz olinmagan. Çunki yaqinda bu böyiça tegişli çora-tadbirlar rejasi işlab çiqiladi. Unda alifbodagi özgarişlarni amaliyotga joriy etiş böyiça barça körsatmalar va yöl-yöriqlar böladi. Fanlar akademiyasining Özbek tili, adabiyoti va folklori instituti mutaxassislari ham mazkur jarayonda faol iştirok etmoqda.

Aslida, takomillaştirilgan alifboga ötiş jarayoni u qadar murakkab keçmaydi deb öylaymiz. Zero, bu yerda alifbo butunlay yangilanayotgani yöq, balki amaldagi yozuvning ayrim harflari takomillaştirilmoqda, xolos. Eʼtibor bergan bölsangiz, aksariyat yurtdoşlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi yozişmalaridayoq özgargan harflarni qöllay boşladi. Bu ham yangi şakldagi törtta harfni özlaştiriş va amaliyotga tatbiq etişda qiyinçiliklar yuzaga kelmasligini körsatadi.

Şu bilan birga, uşbu jarayonni ilmiy asosda va izçil amalga oşiriş muhim. Fanlar akademiyasining mazkur yönalişda aniq ilmiy yeçimlari va takliflari mavjud bölib, ular tegişli taşkilotlarga taqdim etiladi. Asosiy maqsad milliy alifbomizning takomillaştirilgan variantini amaliyotga qulay tarzda joriy etiş, yozuvdagi birxillikni taʼminlaş va özbek tilining zamonaviy taraqqiyot talablariga mos ravişda rivojlanişiga xizmat qilişdir.

Alifbodagi yangilanişlar 1995-yilda qabul qilingan “Özbek tilining asosiy imlo qoidalari”ga ham tegişli özgartiriş va qöşimçalar kiritişni taqozo etadi. Ayni paytda Fanlar akademiyasi olimlari imlo qoidalarini alifbodagi yangilanişlarga muvofiq takomillaştiriş işlarini boşlab yuborgan. Bu boradagi ilmiy izlanişlar yaqin kunlarda yakuniga yetkazilib, takomillaştirilgan imlo qoidalarining puxta va izçil tizimi işlab çiqiladi. Zero, alifbo va imlo qoidalarining özaro uyğunligi yozuvda yagona meʼyorni qaror toptiriş, savodxonlikni mustahkamlaş hamda milliy yozuvimizning istiqboldagi taraqqiyotini taʼminlaşning eng muhim şartidir.

— Samimiy suhbat uçun taşakkur!

“Yangi Özbekiston” muxbiri

Guliçehra DURDIYEVA suhbatlaşdi.