Bir yillik sarhisob: notariat sohada qanday oʻzgarishlar boʻldi?

    Mamlakatimizda 21 Yanvar 2021 1841

    Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi faollar zalida boʻlib oʻtgan matbuot anjumani Palataning 1 yillik faoliyati sarhisobiga hamda media maydonida hamkorlik masalalariga bagʻishlandi.

    Tadbirga respublikaning koʻzga koʻringan elektron va bosma nashrlari vakillari, jurnalistlar va blogerlar tashrif buyurdilar. Tadbir qizgʻin savol-javob tarzida oʻtkazildi. Anjuman spikeri Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov jurnalist va blogerlarga soʻnggi bir yil ichida notariat sohasida joriy etilgan yangiliklar haqida qisqacha axborot berdi.

    Notarial idoralar fuqarolar oʻz manfaatlari yoʻlida doimiy murojaat qiluvchi dargoh. Islohotlardan avvalgi notariatga albatta eʼtirozlar koʻp boʻlgan, xususan, eng koʻp norozilik vaqtni koʻp yoʻqotish va ortiqcha pul undirish yuzasidan boʻlgan. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etishda aynan shu jihatlarga eʼtibor berildi. Yaʼni, notariat tizimi avtomatlashtirildi, “e-notarius.uz” sayti hamda “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushdi, endilikda notariusga murojaat qilmoqchi boʻlgan fuqaro yuqoridagi saytdan oʻziga yaqin hududda joylashgan notariusni tanlashi va elektron qabulga yozilishi mumkin. Belgilangan vaqtda idoraga tashrif buyurgan mijozga “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali xizmat koʻrsatiladi. Ayniqsa, mijozlar toʻlagan pul haqida sms-xabar ularning telefon raqamiga pul oʻtgan zahoti yuborilishi ortiqcha toʻlov va korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

    D.Ashurov suhbat chogʻida jurnalist va blogerlarning diqqat-eʼtiborini shu va shunga oʻxshash muhim jihatlarga qaratdi.

    Oʻzbekiston milliy axborot agentligi direktori oʻrinbosari, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev, “Oʻzbekiston 24” telekanaligining muxbiri Mazxsuda Sultonova, “Yoshlar” telekanali muxbiri Lobar Poʻlatova, “OʻzA.uz” sayti muxbiri Norgul Abduraimova hamda “Kun.uz” sayti muxbiri Abbosxon Azimov Palata va notariuslar faoliyatini eʼtirof etib, shu bilan birga onda-sonda sizib turgan tanqidiy maʼlumotlarga ham eʼtibor qaratdi.

    - Faoliyatimiz karantin davrida boshlandi, notariuslarimiz xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius maqomiga 16-martdan keyin oʻtib boshladilar. Albatta, faoliyatimizda hali tuzatish kerak boʻlgan kamchiliklarimiz bor. Ammo, yutuqlarimiz ham kam emas. Xususan, tizim avtomatlashtirilib, aholining sarsongarchiliklarining oldi olindi. Notariuslar hamda aholi uchun notariatning eng muhim hujjatlarini oʻz ichiga olgan audiobuk yaratdik. Biz Adliya vazirligi bilan birgalikda tizimni yana-da takomillashtirish boʻyicha qonunchilikka 10 ga yaqin takliflar berdik. Shu bilan birga, Oʻzbekiston notariati tajribasi haqidagi maqolalarimiz xorijiy davlatlarning koʻzga koʻringan saytlarida eʼlon qilindi. Chet davlatlar Notarial palatalari bilan hamkorlik Memorandumlari imzolanmoqda. Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻlishga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Xullas, oldimizda bajarishimiz lozim boʻlgan ishlar juda koʻp, - dedi savollarga javob berar ekan Palata raisi Dilshod Ashurov.