Birinchi chorakdagi iqtisodiy koʻrsatkichlar tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi

    Hukumat 12 May 2021 3248

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-may kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha birinchi chorakdagi koʻrsatkichlar tahlili hamda joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Murakkab pandemiya sharoitida davlatimiz tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlangani natijasida iqtisodiy barqarorlik, ishlab chiqarish koʻrsatkichlari va ish oʻrinlarini saqlab qolishga erishildi.

    Jumladan, birinchi chorakda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 3 foizga, sanoat 3,8 foizga, qishloq xoʻjaligi 3,1 foizga oʻsgan. Davlat byudjeti daromadlari prognozga nisbatan qariyb 2 trillion soʻmga koʻpaygan. Eksport hajmi yanvar-aprel oylarida 3,2 milliard dollarni tashkil etgan.

    – Bu koʻrsatkichlar, albatta, yaxshi. Bunga erishish uchun qonunlar, qarorlar qabul qilib, juda katta imkoniyatlar yaratdik, mablagʻlar berdik. Agar hamma tarmoq rahbarlari “aravani tortganida” bu koʻrsatkichlar ikki barobar koʻp boʻlardi. Vazirliklarning “vertikal tizimi” ishlamayapti. Vazirlarda tashabbuskorlik, ularning oʻrinbosarlarida vakolat va javobgarlik yetishmayapti. Korrupsiyaga chek qoʻysak, joylarda tizim ishlasa, viloyat, tuman va shahar hokimlari masʼuliyatini oshirsa, iqtisodiyot oʻzi rivojlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Yigʻilishda ayrim tarmoq va hududlardagi suskashliklar koʻrsatib oʻtildi. Misol uchun, birinchi chorakda “Oʻzavtosanoat”da ishlab chiqarish hajmi 40 foiz, “Oʻzbekneftgaz” tizimida 4,7 foiz, charm mahsulotlari tarmogʻida 10 foizga pasaygan. Soʻnggi yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamaygan. Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilga nisbatan 1,1 trillion soʻm kamayishiga yoʻl qoʻyilgan.

    Davlatimiz rahbari birinchi yarim yillikda bunday qoloqlikliklarni bartaraf etish, qoʻshimcha zaxiralarni topib, amalda ishga solish kerakligini taʼkidladi.

    Iqtisodiy oʻsish uchun, eng avvalo, energiya resurslari zarur. Sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar va aholi ehtiyojlarini toʻla qondirish uchun “Oʻzbekneftgaz” tomonidan ikkinchi chorakda 9 milliard kub metr tabiiy hamda 165 ming tonna suyultirilgan gaz, “Issiqlik elektr stansiyalari” va “Oʻzbekgidroenergo” tizimida jami 15,5 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarish talab etiladi. Elektr texnikasi, toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi sanoat tarmoqlarida yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.

    Yigʻilishda davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. “Hududgaztaʼminot”, “Oʻzdonmahsulot”, “Agroservis”, “Agrolizing” korxonalarida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Investitsiya va eksport masalalari atroflicha muhokama qilindi. Qayd etilganidek, joriy yilning ikkinchi choragida 75 trillion soʻmlik investitsiyalarni oʻzlashtirish, buning evaziga 43 ta tarmoq va 2 ming 500 ta hududiy loyiha doirasida yangi quvvatlarni ishga tushirish moʻljallangan.

    Bu borada yengil sanoat tarmogʻida Asaka, Gʻijduvon, Kogon, Qarshi, Xatirchi, Qibray tumanlari va Chirchiq shahrida umumiy qiymati 220 million dollarlik yirik toʻqimachilik korxonalarini foydalanishga topshirib, 3 mingga yaqin aholini doimiy ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

    Prezident mutasaddilarga har bir investitsiya loyihasi ijrosini qatʼiy nazoratga olib, korxonalar ishga tushirilishini jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

    Birinchi yarim yillikda eksport hajmini 5,2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati hisob-kitob qilingan.

    Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston benefitsiar boʻlgan “GSP+” tizimi imkoniyatlaridan keng foydalanish, “Oeko-Tex” standartlariga mos toʻqimachilik korxonalari sonini koʻpaytirish muhimligini taʼkidladi.

    Shuningdek, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha oʻquv dasturlari ishlab chiqib, mahalliy korxonalar mutaxassislarini oʻqitish ham zarur.

    Maʼlumki, aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash kun sayin dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Goʻsht va oʻsimlik yogʻining jahon bozoridagi narxlari bir yildan buyon toʻxtovsiz oʻsmoqda. Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish kerak.

    Shu maqsadda chorvachilik yoʻnalishida mingta, parrandachilikda 277 ta korxonani ishga tushirish, 1 million gektardan ziyod asosiy maydonlarda hamda ekinlardan boʻshaydigan yerlarda sabzavot, kartoshka, sholi, poliz va ozuqa mahsulotlarini yetishtirish rejalashtirilgan.

    Prezidentimiz yogʻ-moy mahsulotlariga aholi talabini qondirish maqsadida joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlar yetishtirib, 86 ming tonna moy ishlab chiqarish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

    Iqtisodiy kompleksga kiruvchi tashkilotlarga past quvvatlarda ishlayotgan tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini jonlantirish uchun koʻmaklashish vazifasi qoʻyildi. May-iyun oylarida oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 1,6 trillion soʻm mablagʻ ajratish, bu orqali kamida 30 ming nafar fuqaroga daromad manbai yaratish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, hududiy dasturlar doirasida 13 mingta, boʻsh yer uchastkalarini sotish orqali 5 mingta, Bandlik, Xotin-qizlar va Yoshlar jamgʻarmalari hisobidan qoʻshimcha 10 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish mumkin.

    Polietilen, polipropilen, polivinilxlorid va kalsiylangan soda kabi xomashyolarning birja orqali sotishni kengaytirish, mebel sanoatini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Bular mahalliy korxonalarning barqaror rivojlanishida muhim omil boʻladi.

    Prezident ajratilgan kredit resurslarining samaradorligi va qaytimi borasidagi kamchiliklarni tanqid qildi.

    – Joylarda kredit hisobidan tashkil etilayotgan korxonalarni infratuzilmaga ulash, mahsulot bozorini topishga koʻmaklashish boʻyicha tarmoq, hudud yoki sektor rahbarlari tizimli ishlamayapti, – dedi davlatimiz rahbari.

    Mutasaddilarga muammoli korxonalarni aniqlab, ularga “yashirin iqtisodiyot”dan chiqish uchun sharoit yaratish, kreditlarni manzilli va maqsadli ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Davlat soliq qoʻmitasiga tadbirkorlarning fikr va eʼtirozlarini inobatga olib, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarni roʻyxatga olish, soliqlarni hisoblash tizimini yana-da takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.

    Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar birinchi yarim yillikda tarmoq va hududlarni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.