Retsept o‘zi nima?

Retsept — bu shifokor tomonidan bemorning kasalligini davolash uchun belgilangan dori vositasi va uning dozasini ko‘rsatuvchi rasmiy tibbiy hujjatdir. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: nahotki shu vaqtgacha bunday rasmiy hujjat bo‘lmagan bo‘lsa? Albatta bo‘lgan. U 107/U shaklidagi retsept blankasi deb atalgan. Ushbu blank ikki qismdan iborat bo‘lib: bir qismi bemorning tibbiy hujjatlarida (kasallik tarixida) saqlanadi; ikkinchi qismi dorixonada saqlanadi. Unda quyidagi malumotlar aniq va to‘liq ko‘rsatiladi:

·         bemorning ism-sharifi;

·         yoshi;

·         jinsi;

·         retsept yozilgan sana;

·         shifokorning ism-sharifi;

·         imzosi;

·         muhr;

·         faqat bitta dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi (INN) lotin tilida;

·         dori dozasi;

·         qo‘llash va qabul qilish tartibi.

Retseptning dorixonada qoladigan qismida esa yuqoridagi ma'lumotlarga qo‘shimcha ravishda farmatsevtning ma'lumotlari, berilgan preparatning seriyasi hamda dori to‘liq yoki qisman berilgani haqidagi qaydlar kiritiladi.

Retseptning vazifalari nimadan iborat?

Ko‘pchilik retseptning yagona vazifasi dori yozib berish deb o‘ylaydi. Aslida esa uning vazifalari bundan ancha keng.

1. Davolashni to‘g‘ri tashkil etish: Retseptning birinchi vazifasi — bemorga qaysi dori vositasi, qancha miqdorda va qanday tartibda qabul qilinishi kerakligini ko‘rsatishdir.

2. Bemor ruhiyatini himoya qilish: Retseptning ikkinchi, juda muhim insonparvarlik vazifasi ham mavjud. Bazi hollarda shifokor bemorning ruhiy holatini hisobga olgan holda kasallikka oid ayrim murakkab yoki salbiy tibbiy malumotlarni to‘liq oshkor qilmasdan, ularni farmatsevtga yetkazadi. Tibbiyotda bemorning ruhiy holati va kayfiyati davolanish natijasiga katta, ayrim hollarda asosiy tasir ko‘rsatishi hyech kimga sir emas. Shu sababli retseptlar ko‘pincha tibbiy terminologiya va lotin tilida yoziladi. Bu tilni asosan tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislari tushunadi.

3. Xatolarning oldini olish: Retseptning uchinchi vazifasi — qo‘pol xatoliklarning oldini olishdir. Shifokor va farmatsevt o‘rtasidagi ikki bosqichli nazorat tizimi noto‘g‘ri dori berilishi yoki qabul qilinishi oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan og‘ir holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Ba'zan aynan shu tizim bir inson hayotini saqlab qolishi mumkin.

Unda biz yillar davomida olib yurgan qog‘ozlar nima edi?

Endi o‘zingizga savol bering:

·         Men shu vaqtgacha necha marta haqiqiy retsept olganman?

·         Shifokor qo‘limga tutqazgan qog‘oz nima edi?

·         Ichida 10–15 dori yozilgan qog‘oz ham retsept hisoblanadimi?

·         Nega dorixonalar shu qog‘oz asosida menga dori sotgan?

Javob oddiy.

Ko‘pchilik «retsept» deb ataydigan qog‘ozlarning katta qismi aslida 107/U shaklidagi rasmiy retsept emas, balki farmatsevtlar orasida tavsiya qog‘ozi (Rekomendatsiya) deb yuritiladigan dorilarning savdo nomi ro‘yxati. Elektron retsept tizimi joriy etilgunga qadar dorixonalarga murojaat qilgan bemorlarning taxminan 90–95 foizi aynan shunday tavsiya qog‘ozlari bilan kelgan. 107/U shaklidagi haqiqiy retseptlar esa asosan kasallik tarixida qayd etilishi zarur bo‘lgan alohida holatlardagina qo‘llanilgan. Ayrim hollar bundan mustasno. Shunday ekan, bugun ayrim hollarda ayblovlar dorixonalar yoki farmatsevtlarga qaratilayotgan bo‘lsa-da, masalaga xolis yondashish kerak. Chunki bu holatning shakllanishida birgina farmatsevt yoki dorixona aybdor emas.

Muammoning ikkinchi tomoni ham bor!

Barcha yurtdoshlarimizga hurmat saqlagan holda shuni aytish kerakki, bizning tibbiy madaniyatimiz hali yetarli darajada shakllanmagan. Achchiq bo‘lsa-da, tan olish kerak:

·         ko‘pchiligimiz o‘z organizmimizdagi muhim a'zolarning joylashuvi va vazifalarini to‘liq bilmaymiz;

·         dori vositasini qabul qilishdan oldin uning yo‘riqnomasini o‘qimaymiz;

·         nojo‘ya ta'sirlar bo‘limiga e’tibor bermaymiz;

·         ko‘pincha dorini mutaxassis tavsiyasidan ko‘ra tanish-bilishlarning maslahati bilan qabul qilamiz.

Bugungi kunda butun dunyo tibbiyotida 37–38 ° C tana harorati ko‘p hollarda organizmning fiziologik himoya reaksiyasi ekanini, bunday vaziyatda birinchi navbatda: ko‘proq suyuqlik ichish, toza havoda bo‘lish, sifatli va rotsional ovqatlanish, vitaminizatsiya va immunitetni qo‘llab-quvvatlash kabi choralar muhimligi ta’kidlanadi. Ammo biz ba’zan hali yoshiga to‘lmagan bolalarga ham kuchli antibiotiklarni bemalol qo‘llashga tayyormiz (oqibati og‘ir ekanligini bilmagan holda).

Agar barcha normativ hujjatlar o‘z vaqtida va to‘liq ishlaganida, ehtimol kasalliklar ham, ortiqcha davolanishlar ham ancha kam bo‘lar edi. Bununig orqasidan sohadagi «kasallar» ham kamaygan bo‘lar edi…

Nega farmatsevt bazan barcha dorilarni bermaydi?

Amaliyotda shunday holatlar uchraydiki, tavsiya qog‘ozida 10–15 ta, bazan esa bir xil ta'sir mexanizmiga ega bo‘lgan bir nechta preparatlar yoziladi.

Bunday vaziyatlarda tajribali farmatsevt ko‘pincha:

·         «Bu preparat zarur emas»;

·         «Buni olishning hojati yo‘q»;

·         «Bu vosita boshqasining vazifasini takrorlaydi»

degan xulosaga kelishi mumkin. Sababi, barcha farmatsevtlar ham faqat pul, manfaat haqida o‘ylamaydi. Ko‘pchilik farmatsevtlar avvalo kasbining fidoyilari bo‘lib, bemorning sog‘ayishiga hissa qo‘shishni, o‘z bilim va tajribasi bilan yordam berishni, savob olishni maqsad qiladi. Albatta, ayrim hollarda manfaatlar to‘qnashuvi yoki noo‘rin tavsiyalar ham uchrab turadi. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo bunday holatlarni butun soha vakillariga nisbatan umumlashtirish ham adolatdan emas. Shu sababli haqiqiy farmatsevtlar orasida «aptekachi» va «farmatsevt» tushunchalari o‘rtasida farq borligi haqida gapiriladi.

 «Eski maktab» vakillari orasida bir hikmatli gap bor: «Haqiqiy tabib ko‘pi bilan ikki-uchta dori bilan davolaydi». Bir vaqtlar bu fikr menga ham bahsli tuyulgan, meni ham ishontira olmagan. Ammo tajriba orttirgan sari shuni angladimki, Eski maktabdan uzur so‘rayman! Ko‘p hollarda ular haq bo‘lgan. Davolash samarasi har doim ham dori soniga bog‘liq emas. Muhimi — to‘g‘ri tashxis, oqilona tanlov va individual yondashuvdir.

Sog‘liqni saqlash tizimi — shifokor, farmatsevt va bemor o‘rtasidagi hamkorlikdir. Bu yerda mas'uliyat ham, natija ham barcha tomonlarga bog‘liq. Shu sababli, agar bemor bo‘lib qolsangiz, iloji boricha o‘z ishining haqiqiy fidoyisi bo‘lgan mutaxassislarga murojaat qiling.

Eng katta tilak esa bitta: Sog‘lom bo‘ling. Shunday bo‘lingki, bizga — shifokorlar va farmatsevtlarga imkon qadar kamroq ishingiz tushsin.

Ushbu fikrlar bir farmatsevtning kasbiy tajribasi va kuzatuvlari sifatida qabul qilinishini, kimningdir qarashlariga mos kelmasa, uni shunchaki muallifning shaxsiy nuqtai nazari sifatida baholashni so‘rab qolaman.

 

Nodirbek Sindarov,

farmatsevt.