Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, madaniyat vazirligi tizimida jami 367 ta taʼlim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Jumladan, 325 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 29 ta ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktabi va maktab-internatlari, 2 ta kollej, 5 ta oliy taʼlim muassasasi va ularning 4 ta filiali hamda 2 ta malaka oshirish markazlari mavjud.
Mazkur taʼlim muassasalarda 105 703 nafar oʻquvchi-talabaga 18 683 nafar professor-oʻqituvchilar taʼlim berib kelmoqda.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 21 nafar talaba Davlat stipendiyalarini qoʻlga kiritdi va 2023-yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga oshdi.
Bugungi kunda Madaniyat vazirligi tizimidagi 837 ta madaniyat markazida 4 171 ta toʻgarak, studiya va badiiy havaskorlik jamoalari faoliyat olib bormoqda.
Tashkil etilgan toʻgarak, studiya va badiiy havaskorlik jamoalariga 57,3 ming aholi, shu jumladan, 49,5 ming yoshlar qamrab olingan. Ushbu muassasalar tomonidan 2024-yil birinchi yarim yilligida 26,8 mingta madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.