Xususan, birjaning xorijiy savdo maydonchalari soni ortmoqda, chet ellik hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar kengaytirilmoqda. Bu esa oʻz navbatida, Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlar, eng avvalo qoʻshni davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni va tovar aylanmasi hajmining yana-da oshishiga xizmat qiladi.
Xorijiy savdo maydonchalari bu elektron birja savdolarining yagona tizimiga ulangan birjaning masofadagi savdo markazlaridir. Ular tadbirkorlarga “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ ning birja savdolarida erkin qatnashish huquqini va birja bitimlarni mustaqil ravishda roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatini beradi. Birjaning xorijdagi savdo maydonchalarining afzalligi shundaki, ular birja savdolariga bevosita tovar ishlab chiqaruvchilarni hamda isteʼmolchilarni baravar jalb qilishlari mumkin. Birja savdolarining yagona tarmogʻi hujjatlarning operativ almashinuvi va ortiqcha ovoragarchiliklarsiz boʻlgani uchun vaqt va mablagʻni tejash imkonini beradi.
Ayni vaqtda Xitoy, Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻizistonda Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining 14 ta xorijiy savdo maydonchalari faoliyat yuritib kelmoqda. Akkreditatsiyadan oʻtgan brokerlik idoralari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ birja savdolarida ishtirok etish uchun chet ellik mijozlarining buyurtmalarini olishmoqda. Savdo maydonchalarining mutaxassislari birja savdolariga mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish maqsadida muntazam ravishda marketing tadbirlarini olib borishmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy savdo maydonchalari tarmogʻining kengayishi nafaqat mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga, balki talab yuqori boʻlgan tovarlarni mamlakatimizga olib kirish orqali ham ichki bozor narxlarning barqarorlashishiga yordam beradi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 16-oktyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash yuzasidan bir qator vazifalar belgilangan edi.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida birjada xorijiy kompaniyalarni roʻyhatdan oʻtkazish jarayoni soddalashtirildi, bundan tashqari ular garov mablagʻlarini kiritish va komission yigʻimlarni toʻlashdan ozod etildi.
Natijada bugungi kunda Qozogʻiston, Ukraina, Belorussiya va Rossiyada ishlab chiqarilgan bugʻdoy, oʻsimlik yogʻi, soya shroti, shakar, mol goʻshti zavod narxlarida birja va koʻrgazma-yarmarka savdolariga qoʻyilmoqda.
Olma-ota shahrida joylashgan savdo maydonchasining faoliyatini alohida taʼkidlash lozim. “DEN” qoʻshma korxonasi mazkur savdo maydonchasi orqali bugʻdoy mahsulotlarini birja savdolariga qoʻygan. Soʻng Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining Surxondaryo filiali orqali un ishlab chiqaruvchi “DOSTLIK COOPERATION” QK MCHJ ga birinchi bosqichda 700 tonna, keyin yana 3150 tonna 3-sinfdagi bugʻdoy sotildi. Bunda import qilingan mahsulotning birja narxi bugʻdoyning 1 kilogrammi uchun 2 481,7 soʻmga teng boʻldi. Taʼkidlash joyizki, birjada sotiladigan mahalliy bugʻdoyning amaldagi ichki narxi, yaʼni kotirovkasi mahsulotning 1 kilogrammi uchun 2 773,2 soʻmni tashkil qiladi.
Umuman olganda 2020-yil yakuniga koʻra Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining savdo tizimlari orqali 97,4 mln AQSH dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilindi. Eksport boʻyicha yirik bitimlar polietilen (52%), neft mahsulotlari (13%) va paxta tolasi (12%) boʻyicha amalga oshirildi. Sotuvlarning qolgan qismini polipropilen, suyultirilgan gaz va boshqa mahsulotlar egallashdi.
Oʻtgan yili birjaning xorijiy savdo maydonchalari yordamida 24,8 mln AQSH dollarik oziq-ovqat mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar va neft mahsulotlari import qilingan.
Maʼlumot uchun: “DEN” Qoʻshma korxonasi 1993-yilda Qozogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining maxsus qarori bilan tashkil etilgan don mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonadir. Kompaniyaning infrastrukturasiga koʻra, don mahsulotlarini dunyoning istalgan nuqtasiga eksport qilish imkoniyatiga ega.