Oʻzbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi koʻmagida tashkil etilgan ushbu koʻrgazmada Bahodir Jalol va Javlon Umarbekov kabi atoqli oʻzbek rassomlarining sara asarlari namoyish etilmoqda.
“Dunyo” AAning taʼkidlashicha, butun dunyo sanʼat ixlosmandlari ushbu koʻrgazmani ilgʻor texnologiyalar yordamida onlayn tarzda, 3D formatda koʻrish imkoniga ega boʻlmoqda.
Maqolada taʼkidlanishicha, koʻp millatli Oʻzbekiston anʼanalari rassomlarning asarlarida aniq-ravshan oʻz aksini topgan. 50 yildan buyon ijod qilib kelayotgan Bahodir Jalol Markaziy Osiyodagi yetakchi rassomlardan biri sanaladi.
Maqolada uning devoriy rang-tasvir janridagi asarlari yangi madaniy-badiiy landshaftni shakllantirishi qayd etilgan. Uning monumental uygʻonish davriga oid asarlari zamonaviy Yevropa ustalari, meksikalik rassomlar va Samarqanddagi qadimiy Afrosiyob saroyi devorlarida ishlangan suratlardan ilhomlanib yaratilgan. Bahodir Jalol, shuningdek, mamlakatdagi teatrlar va davlat muassasalari binolari uchun devor suratlarini ham chizgan. Uning ijod namunalari Oʻzbekiston va Yevropa boʻylab keng tarqalgan.
“Javlon Umarbekov oʻz mamlakatidagi zamonaviy sanʼatning asosiy namoyandalaridan biri hisoblanadi, - deya taʼkidlaydi gazeta. - Uning asarlari oʻzbek xalqining boy madaniy-tarixiy anʼanalariga asoslangan boʻlib, ular rassom asarlarida oʻz aksini mufassal topgan. U Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Ukraina badiiy akademiyalari aʼzosi, shu bilan birga, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy sanʼat va dizayn institutining professori hisoblanadi”.
“Rassom oʻzbek xalqi boy merosining oʻziga xos talqinini targʻib etish orqali Gʻarb va Sharq madaniyatlari oʻrtasida erkin muloqotga chaqiradi. Bularning barchasida ijodiy erkinlik va yangilik ruhi koʻzga tashlanadi”, deb yozadi “Gulf Today”.