Bishkekda “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi loyihasini muvofiqlashtirish boʻyicha qoʻshma loyiha ofisi ochildi

    18-yanvar kuni Bishkek shahrida Oʻzbekiston Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ vakillari ishtirokida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi loyihasini muvofiqlashtirish boʻyicha qoʻshma Loyiha ofisining ochilishi boʻlib oʻtdi.

    Transport vazirligi maʼlumotiga koʻra, ofisning maqsadi loyihani amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishdan iborat.

    Bugungi kunga qadar “Qirgʻiziston temir yoʻli MK” davlat korxonasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi boʻyicha barcha zarur dastlabki chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Xitoy temir yoʻl qurilish korporatsiyasining Birinchi loyiha-qidiruv instituti loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.

    Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 14-sentyabr kuni Oʻzbekiston Transport vazirligi, Qirgʻiziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qoʻmitasi oʻrtasida “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi loyihasi boʻyicha uch tomonlama anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolangan edi.