Bola niholga oʻxshaydi. Uni faqat mehr bilan parvarishlash lozim. Ota-onasi va maktabdagi ustozlar unga xuddi bogʻbondek gʻamxoʻrlik koʻrsatsa, kutganlariday unib-oʻsadi, meva beradi, atrofdagilarga nafi tegadi. Shu maʼnoda, taʼlim-tarbiya masalasi mamlakatimiz siyosatining barqaror va uzviy qismi sanaladi. Buni Yangi Oʻzbekistonda taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirish, xalqaro standartlarga integratsiya qilish, mehnat bozori talabiga mos kadrlar tayyorlash hamda Uchinchi Renessans gʻoyasini roʻyobga chiqaradigan zukko avlodni ulgʻaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarda yaqqol koʻramiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabimiz pedagogik jamoasi ham oʻz ilmiy salohiyati va mahoratini ezgu niyat yoʻlida sarflamoqda. Hozirgi oʻquv yilida 7 ta sinfda 135 nafar bola oʻqiyapti. Ular mukammal bilim olishi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Oʻquv xonalari keng va yorugʻ. Zamonaviy jihozlar yetarli. Kompyuter jamlanmalaridan tashqari elektron doskayu monitorgacha muhayyo. Til oʻrganish markazi, kutubxona, oʻquv va sport zallari yigit-qizlar ixtiyorida. Kunning birinchi yarmida dars mashgʻulotlari bilan band boʻlishsa, ikkinchi yarmida har bir sinf oʻz tarbiyachisi yetakchiligida turli tadbirlarda qatnashadi. Qiziqqan sohalari yuzasidan toʻgaraklarda shugʻullanadi.

“Taʼlim sifati nazorati doimiy eʼtiborimizda” tamoyili ustuvorligiga erishyapmiz. Joriy oʻquv yilining ikki chorak koʻrsatkichi koʻngildagidek boʻldi. Fan olimpiadasining viloyat bosqichida xorijiy til boʻyicha ishtirok etgan 28 oʻquvchimizning 8 nafari faxrli oʻrinlarni egalladi. Gulyora Toʻychiyeva, Diyora Valijonova, Abror Arslonov, Doniyor Neʼmatov, Muxlisa Sobirova birinchi oʻringa munosib deb topildi va ingliz, nemis, fransuz tillaridan respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Aslida, oʻquvchilarimizning bari marrani baland olgan. Besh yil ichida bir necha xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirishni niyat qilishgan. Oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli kirish uchun ustozlari yordamida astoydil intilishmoqda. Hozirdanoq ularning izlanishlari samarasi koʻzga tashlana boshladi. Bitiruvchilarimiz yuz foiz xalqaro va milliy sertifikatga ega boʻldi. 10-sinf oʻquvchilarimizning sakkiz nafari bir yil avval shunday guvohnoma, yana uch nafari ingliz tili va matematika fanlaridan SAT, 12 nafari koreys tili fanidan Topic sertifikatlari sohibiga aylangandi.

Ochigʻini aytganda, bunday sertifikatlar oliy oʻquv yurtlari talabalari safiga oʻtishni kafolatlovchi hujjatlardir. Ayni paytda faxrlanishga arziydigan xushxabar bor. 11-sinf oʻquvchilarimizning oʻn bir nafari, yaʼni qariyb ellik foizi muddatidan ilgari xalqaro nufuzli oliygohlarning talabasi boʻlishga ulgurdi. Biroq ilk marta emas, bitiruvchilarimiz har yilgi anʼanaviy muvaffaqiyatlarining namunali davomidir.

Xalqimizning “Shogirdlar kamoli — ustozlar jamoli” naqlini nazarda tutsak, oʻquvchilarimizning quvonchli natijalari oʻqituvchilarimiz sifatli bilim berayotganining isbotidir. Eʼtiborlisi, oliy toifali oʻqituvchilarimiz ham hamisha izlanadi, onlayn tanlovlarda oʻzlarini sinab koʻrishdan sira choʻchimaydi. Masalan, fransuz tili oʻqituvchimiz Valijon Mamajonov Fransiya elchixonasining malaka oshirishga doir ikki haftalik grantini yutib oldi. Oʻtgan yilning iyulida turistik shahar Frankofoniyada boʻldi. Dunyoning 90 mamlakatidan tashrif buyurgan hamkasblari oʻrtasida oʻzbek madaniyati taqdimotini oʻtkazishda faollik koʻrsatdi. Koreys tili oʻqituvchisi Nazira Xoʻjanazarova Janubiy Koreyaning Pusan xorijiy tillar universitetida iyul-avgust oylarida besh haftalik seminarda, ingliz tili mutaxassisi Adiba Parpiyeva sentyabr-oktyabr oylarida media savodxonlik yoʻnalishi gʻolibi sifatida Amerika Qoʻshma Shtatlarining Viskonson universitetida olti haftalik malaka oshirish kursida oʻqib qaytdi.

Oʻqituvchilarimizning ijodkorligiga ham havas qilsa arziydi. Ingliz tili muallimasi Barnoxon Neʼmatovaning “Chet tili oʻqitishda loyiha darslarining oʻrni, ahamiyati va ularni rejalashtirish” mavzusidagi maqolasi AQSHdagi “International journal of pedagogs” xalqaro jurnalida chop etildi. Ona tili va adabiyot fani mutaxassisi Rohila Vohidova Toshkentdagi “Ijodkor oʻqituvchi — 2022” anjumanida faol ishtirok etdi. “Mahoratli pedagog” jurnalida “Fuzuliyning hayoti va ijodi” mavzusidagi ilmiy-uslubiy maqolasi yoritildi. Oliy toifali ingliz tili, oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilari Shuhrat Ismoiljonov, Muyassar Boqixonova kasbdoshlariga har jihatdan oʻrnak.

Isʼhoqxon Ibratni “Lugʻati sittati alsina” (“Olti tilli lugʻat”)ni yaratgan ulugʻ tilshunos sifatida yaxshi bilamiz. Maktabimizda ham bolalar olti tilni oʻrganyapti va ishtiyoqlari juda yuqori. Shuni hisobga olib, kelgusida bilim dargohimiz maqomini yanada koʻtarishni niyat qilganmiz. Yaʼni “International Baccalaureate” xalqaro maktablar qatoriga qoʻshilish uchun tayyorgarlikni boshlab yubordik. Xalqaro maktablar kengashining Markaziy Osiyo boʻyicha vakili “Mechail Caddy” koʻmagida asosiy talablarni bajarishga kirishdik. Yaqin orada oʻquvchilarimizga xorijiy tillarni oʻrgangan bakalavr boʻlib yetishishlari uchun imkon tugʻdirsak, ajab emas.

Yangi ochilgan Namangan davlat chet tillari instituti bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatganmiz. “Yosh tarjimonlar” toʻgaragi aʼzolari mazkur oliy oʻquv yurti ustozlarining mahorat saboqlaridan bahramand. Kerakli oʻquv dasturlari, darslik va qoʻllanmalardan foydalanyapti.

Darhaqiqat, sifatli taʼlim jamiyatni yuksaltiradi. Oʻquvchi-yoshlarning intellektual darajasi qanchalik oʻssa, ularning Vatan taraqqiyotiga qoʻshadigan hissalari shunchalik koʻpayaveradi. Pedagogik jamoamizning har bir aʼzosi zimmasidagi oʻta muhim vazifa — masʼuliyatni yodida tutgan holda, maqsad sari ogʻishmay olgʻa intilishdir. Zero, tezkor davr shuni taqozo etyapti.

Zafarjon SHOVRIQOV,

Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Isʼhoqxon Ibrat

nomidagi ijod maktabi direktori