Bugungi kunda ayollarimizning huquqiy xatolari, ishonch sabab qoʻyayotgan imzolari, ruhiy bosim ostida qabul qilayotgan qarorlari koʻplab ogʻir oqibatlarga olib kelmoqda. Kreditdan tortib mulkkacha, nikoh shartnomasidan meros masalasigacha bir qadamda adolatli yechim bor ekan, boshqa qadamda inson umri davomida tuzatib boʻlmaydigan vaziyat yuzaga keladi.

Nega bu holatlar takrorlanmoqda? Nima uchun ayollar koʻpincha aldanishadi? Ularning huquqiy himoyasi qayerda buzilyapti?

Shu savollarga javob topish maqsadida biz huquqshunos-mutaxassis bilan suhbatlashdik.

Ayollar eng koʻp qaysi vaziyatlarda aldanadi?

Yakkasaroy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining — Huquqiy masalalarda (ekspert) maslahatchisi Boburbek Sarabekov:

Siz toʻgʻri fikr aytdirngiz. Rostdan ham bitta imzo butun hayotni oʻzgaritishi mumkin. Eng katta muammo hujjatlarni oʻqimasdan imzo qoʻyish. Bu nafaqat kredit yoki oldi-sotdida, balki nikoh shartnomalarida ham juda koʻp uchraydi. Ayollar koʻpincha ruhiy bosim ostida qoladi: “Menga ishonmasang — ajrashamiz”, “Bu shunchaki rasmiyatchilik”, “Oilamizni sharmanda qilma” kabi bosimlar ularni imzo qoʻyishga majbur qiladi.

Koʻp hollarda ayol hujjatning mazmunini toʻliq tushunmaydi, oqibatini tasavvur ham qilmaydi. Lekin bir imzo bilan u oʻzining umumiy mulkdan ulushini yoʻqotishi, yoki umuman huquqsiz qolib ketishi mumkin.

Demak, bosim ostida imzo qoʻyish amaliyotda juda koʻp uchraydi?

— Yakkasaroy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining — Huquqiy masalalarda (ekspert) maslahatchisi Boburbek Sarabekov:

Juda koʻp. Va eng muhimi buni sudda isbotlash mumkin. Ayol bosim ostida boʻlganini aytsa, hujjat ekspertizaga yuboriladi. Ekspert imzoning texnik belgilari, yozuvning dinamikasi, hatto ismni yozishdagi ruhiy holatni tahlil qiladi.

Psixolog ham jalb etiladi. U ayolning imzo paytidagi emotsional holatini oʻrganadi. Agar psixolog “ayol bosim ostida imzo qoʻygan” degan xulosaga kelsa, sud aynan shu xulosaga tayanadi va shartnomani bekor qilishi mumkin.

Hatto notariusning oʻzi ham bosimni sezsa, shartnomani tasdiqlashdan bosh torta oladi.

Aytingchi, ayollar koʻp uchraydigan mulk bilan bogʻliq xatolar nimalardan iborat?

Yakkasaroy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining — Huquqiy masalalarda (ekspert) maslahatchisi Boburbek Sarabekov:

Yaxshi mavzuni ochdingiz. Toʻgʻri haqiqatdan bunday holatlar amaliyotda koʻp uchraaydi. Albatta. Eng ogʻir holatlardan biri ham aynan shunday. Batafsil toʻxtaladigan boʻlsak, birinchi xatolardan biri ogʻzaki vaʼdalarga ishonish. “Bu uy seniki”, “Ertaga rasmiylashtiramiz”, “Hech kimga berilmaydi” kabi gaplar huquqiy kuchga ega emas.

Qonunga koʻra:

  • Nikoh davrida olingan mulk — umumiy mulk.
  • Ammo mulk erning ota-onasi yoki qarindoshi nomida boʻlsa endi bu umumiy mulk emas.
  • Ayol ajrashganda undan ulush talab qila olmaydi.

Merosda ham koʻp ayollar aldonib qoladi. Chunki ular oʻz vaqtida notariusga murojaat qilmaydi yoki “vaʼda”ga ishonib yuradi. Ammo meros faqat yozma asosda taraflarga tegishli boʻladi. Tanilmagan farzandlar, shariy nikohdagi farzandlar ham teng huquqli merosxoʻr sanaladi.

Shuning uchun ayollar oʻz huquqini himoya qilish uchun faqat hujjatga tayanishlari shart.

Ish joyida qaysi huquqlar eng koʻp buziladi?

Yakkasaroy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining — Huquqiy masalalarda (ekspert) maslahatchisi Boburbek Sarabekov:

Eng koʻp uchraydigan holatlardan biri mehnat taʼtili masalasida. Qonunga koʻra, yangi ishga kirgan xodim kamida 6 oy ishlasa, mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega. Lekin ayrim ish beruvchilar “bir yil ishlamasang boʻlmaydi” deb yolgʻon maʼlumot beradi. Ayollar esa buni qabul qilib, oʻz huquqidan voz kechib qoʻyadi. Aslida yangi oʻzgartirilgan qonunga koʻra olti oydan soʻng 21 kun muddatga mehnat taʼtili olish huquqiga ega. U xaftada 5 kun ishlasin yoki 6 kun, buni 21 mehnat taʼtili olishiga xech qanday aloqasi yoʻq. Mehnat taʼtilini qonunga koʻra ikkiga boʻlib ham olish mumkin.

Shuningdek, shartnoma, buyruq va ish hujjatlari asosida har qanday adolatsizlikni sudda tiklash mumkin.

Demak, asosiy muammo — huquqiy savodxonlik pastligi?

Yakkasaroy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining — Huquqiy masalalarda (ekspert) maslahatchisi Boburbek Sarabekov:

Ha, bu eng katta muammo. Ayollar imzo qoʻyar ekan, uning huquqiy oqibatlarini kamdan-kam oʻylaydi. Huquqni bilgan insonni aldash qiyin. Huquqni bilmagan inson esa hatto oʻz haq-huquqiqidan ham xabardor emas.

Imzo taqdirni belgilaydigan kuch. Bu javobgarlik, bu himoya, bu insonning oʻziga boʻlgan ishonchi.

Ayollarga eng muhim tavsiyangiz?

Yakkasaroy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining — Huquqiy masalalarda (ekspert) maslahatchisi Boburbek Sarabekov:

Ikki narsa:

1. Har qanday hujjatni bir necha marotaba oʻqing.

2. Tushunmagan joy boʻlsa — mutaxassisga murojaat qiling.

Hujjatni tushunmasdan imzo qoʻyish oʻz taqdiringizni boshqalarga topshirish bilan barobar. Ayol oʻzini himoya qila olsa, farzandini, oilasini, kelajagini ham himoya qiladi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, har qanday hujjat oddiy qogʻoz emas, qarordir. U insonning bugungi kunga boʻlgan munosabati, ertangi kunga qoʻyayotgan qadami va kelajakka yuklayotgan masʼuliyatidir.

Ayollarimizning koʻplab hayotiy fojealari bir imzodan boshlanmoqda: oʻqimagan, tushunmagan, oʻylamagan imzo. Ammo qonun hissiyotni emas hujjatni tan oladi. Shuning uchun har bir ayol, har bir inson oʻz taqdirini qogʻozga qoʻyayotgan imzo bilan birga himoya qilmogʻi shart.

Huquqiy savodxonlik — bu qoʻrquv yoki shubha emas.

Bu — kuch.

Bu — himoya.

Bu — adolatga ega boʻlishingizni taʼminlaydigan idrok..

Agar har bir ayol hujjatni oʻqib, tushunib, maslahat olib, hushyorlik bilan imzo qoʻya olsa u faqat oʻzi emas, farzandi, oilasi va kelajagini ham asraydi.

Chunki hayotda baʼzan eng katta farqni katta qarorlar emas, eng kichik harakat bitta imzo hal qiladi.

Zulxumor AKBAROVA