Bitta jismoniy shaxsga bitta bank kartasi berilishi boʻyicha meʼyorlar oʻrnatilayotganligi toʻgʻrisida axborot haqiqatga toʻgʻri kelmaydi — Markaziy bank

    Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bitta jismoniy shaxsga bitta bank kartasi berilishi boʻyicha meʼyorlar oʻrnatilayotganligi toʻgʻrisida axborot haqiqatga toʻgʻri kelmasligini hamda bu borada notoʻgʻri maʼlumotlar tarqatilayotganligini maʼlum qildi.

    Bank kartalari bilan bogʻliq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JSHSHIRga) kartalar sonini (virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi koʻrib chiqilmoqda.

    Bunda ushbu talab chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmasligi koʻzda tutilmoqda.

    Jismoniy shaxslar nomiga koʻp miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, ushbu bank kartalarining bir qismidan (aksariyat holatlarda karta egasining xabari yoʻq) firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangan.

    Shuningdek, ushbu talablar toʻliq tayyor boʻlgandan keyin jurnalistlar va keng jaomatchilik muhokamasiga havola qilinadi.