Suhbatdoshimiz – Namangan shahar “Markaz elektr taʼminoti” korxonasi rahbari Javlonbek Xalilov. Uning bugungi sinovli kuz-qish davrida aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi rejalar xususidagi fikrlarini yozib oldik:

Bugungi ob-havo keskin sovib ketgan bir paytda ayrim hududlardagi nosozliklar oqibatida aholi vakillari tomonidan elektr taʼminoti korxonalari vakillari ishiga nisbatan norozilik paydo boʻlayotgani hech kimga sir emas. Yurtdoshlarimizdan shuni yodda tutishlarini istardikki, elektr taʼminoti korxonalari rahbarlari, ishchi-xodimlari ham xalqning bir vakili. Ularning ham oilasi, yaqinlari bor. Ular ham elektr taʼminotida uzilishlar sodir boʻlayotgan hududlarda istiqomat qilishadi. Tizimdagi nosozlik va taʼminotdagi uzilishlar xalq qiynalishi uchun atayin amalga oshirilmaydi. Balki tizimda yuklanishlarning ikki-uch hissa ortib ketishi hisobiga yuz beradi.

Bizning korxonamizda 99 nafar xodim faoliyat yuritadi. Korxona Namangan shahrining 58 ta mahallasi 65241 ta isteʼmolchiga elektr energiyasini yetkazib beradi. Elektr energiyasi 13 ta nimstansiyadan chiquvchi 308.0 km. 6-10 kV.li tarmoq, 452 dona transformator punkti 616.7 km. 0,4 kV.li tarmoq orqali yetkazib beriladi. 2020-2021-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish uchun ushbu qurilmalardan 9,08 km. 6-10 kV.li tarmoq, 44 dona transformator punkti 44.92 km 0,4 kV.li tarmoq mukammal taʼmirlandi. 28 km 6-10 kV.li tarmoq va 88 dona transformator punkti 89 km. 0,4 kV.li tarmoq esa joriy taʼmirlandi.

Prezidentimizning 2016-yil 23-noyabrdagi 2661-sonli qaroriga asosan, joriy yilda elektr qurilmalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun 40,2 km. uzunlikda 6-0,4 kV.li tarmoq, 19 dona transformator punktini qurish rejalashtirilgan edi. Ushbu rejaga asosan, hozirgi kunda 31,46 km. uzunlikdagi 6-0,4 kV.li tarmoq va 16 dona transformator punktlari qurib bitkazildi.

Namangan shahrining Yakkatut va “Farovon” MFY hududlariga qoʻshimcha 250 kVA.li quvvatga ega, Yakkasada MFY hududiga 400 kVA. quvvatga ega, “Madaniy-maorif” MFY hududiga 630 kVA. quvvatga ega, Guzar MFY hududiga 100 kVA. quvvatga ega transformator punktlari oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda ham ish toʻxtagani yoʻq. Natijada isteʼmolchilarga sifatli elektr energiyasi yetkazib berishga erishilyapti.

Bundan tashqari, hududda kuz-qish mavsumida isteʼmol ortib, tarmoqlarda yuklamalarning ortib ketishi natijasida Namangan shahrining Guzar, “Sanoat”, Yakkatut, Oltitosh MFYlarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi 6 kV.li, “Mashad” elektr tarmogʻida yuklama ortganligi sababli bu yukni yengillashtirish uchun 6 kV.li “Orzu” tarmogʻiga ortiqcha yuklamani olish uchun va Namangan shahrining “Sharshara”, Sumalak guzari, “Madaniy-maorif”, “Maorif” MFY hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi 6 kV.li “Shaldirama” elektr tarmogʻida yuklama ortganligi sababli buni yengillashtirish uchun 6 kV.li “Uchqun” tarmogʻiga, “Shaldirama” 6 kV. tarmogʻidagi ortiqcha yuklamani olish uchun qoʻshimcha tarmoq qurilmoqda. Bu yuqori kuchlanishli tarmoqlarda favqulodda uzilishlarning oldini oladi.

Bugungi kunda xodimlarimiz tomonidan kunu tun navbatchilik tashkil etilgan boʻlib, favqulodda uzilishlar oʻz vaqtida bartaraf etib kelinmoqda.

Sanjarbek Hamidov yozib oldi.