Turkiya davlatida sodir boʻlgan zilzila butun dunyo ahlini, jumladan, yurtdoshlarimizning ham qalbini larzaga soldi. Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan fojianing ertasi kuniyoq qidiruv-qutqaruv mutaxassislari guruhi qardosh mamlakatga yuborilgan edi. Ayni paytda ular qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Kuni kecha mamlakatimiz maxsus bortida zilzila oqibatida jabrlanganlarga shoshilinch yordam koʻrsatish uchun 71 kishidan iborat qoʻshimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi bilan birga, navbatdagi gumanitar yordam partiyasi Gaziantep viloyatiga yetkazildi.
Tabiiy ofat jabrdiydalariga yordam berish maqsadida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi tibbiy otryadining 50 nafar xodimi xizmat qiladigan bir gektar maydonda toʻqqizta alohida boʻlinmadan iborat koʻchma shifoxona majmuasi joylashtiriladi. Ushbu dala shifoxonasi barcha zarur tibbiy uskunalar va dori-darmon bilan toʻliq taʼminlanadi.
Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari xususida soʻz yuritildi.
— Bu, katta fojia. Keng hududni qamrab olgan va silkinishi uzoq muddat davom etgan vayronkor zilzila tufayli oʻsha hududdagi barcha binolar, infratuzilma, elektr tarmoqlariga katta zarar yetdi. Ayni paytda, birinchi navbatda, vayronalar ostida qolib ketgan insonlarni qutqarish ishlari jadal davom etmoqda. Tabiiy ofatdan soʻng zudlik bilan elektr tarmoqlari, transport yoʻllari taʼmirlanmoqda, — dedi elchi janoblari.
Turkiyadagi barcha idora va muassasalar xodimlari hozir zilzila hududida safarbarlik vaziyatida ish olib bormoqda. Davlat xizmatchilari bilan birga olti ming nafarga yaqin xorijlik koʻngilli talafot boʻlgan hududda boʻlib, jabrlanganlarga beminnat yordam bermoqda. Ular qatori vatandoshlarimizning ham qardoshlarimizga hamdardlik koʻrsatib, koʻmakka intilayotgani xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik rishtalarining naqadar mustahkam va qadimiyligini tasdiqlaydi.
Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston — Turkiya tadbirkorlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa tashkilotlar koʻmagida tabiiy ofat jabrdiydalariga yordam koʻrsatish kampaniyasi oʻtkazilmoqda.
— Bugungi ogʻir, sinovli kunlarda oʻzbek xalqining kichigidan kattasigacha — barcha-barcha turk xalqi bilan birga ekanini namoyon etayotir, — deydi Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar. — Koʻrsatilayotgan hamdardlik va koʻmak uchun Oʻzbekiston hukumati va xalqiga alohida minnatdorlik bildiramiz. Hammamiz yelkadosh boʻlib mana shunday ogʻir kunlarni birga oʻtkazyapmiz. Buning uchun barchaga tashakkur.
Xalqimizda “Doʻst kulfatda sinalar”, degan naql bor. Yillar sinovidan oʻtib kelayotgan bu hikmat hali ham barhayot va amalda. Qardosh xalq boshiga tushgan musibatni yurakdan his qilgan yurtdoshlarimiz hamisha koʻmakka shay. Bu ogʻir damlardagi qoʻllab-quvvatlov va yelkadoshlik ikki xalqning birdamligini yanada mustahkamlaydi. Boshingiz sogʻ boʻlsin, qardoshlar!
Risolat MADIYEVA,
“Yangi oʻzbekiston” muxbiri