Lekin hozir birgina menda emas koʻpchilikning bu boradagi qarashlari oʻzgargan. Aytish mumkinki, ayrim kimsalarning qulayliklardan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishi ularning turli bachkana qiliqlari aks etgan istalgan videolarning istalgan tarzda uzatilishiga olib kelyapti.
Yaqinda Alisher Navoiy haykali bilan bogʻliq voqea koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Buyuk bobomizning haykaliga oʻzining hurmatsizlarcha munosabatini bildirgan yigitning xatti-harakatlari jamoatchilik noroziligiga sabab boʻldi. Bir necha kun oʻtib esa “qahramon”ning oʻz aybi uchun uzr soʻrab murojaat qilgani hamda haykalning oyoqlarini kiyimi bilan yuvayotgan videosi tarqaldi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Maqsad nima edi? Nahotki, ajdodlarimizga hurmatsizlik yaxshilikka olib kelmasligini tushunish qiyin boʻlsa?
Yoki mungli ona haykali bagʻriga oʻtirib olgan yana bir qahramonni olaylik? Hayron qolarlisi, ular harakatlari oqibatini tahlil qilib oʻtirmaydigan oʻsmir emas, balki aqlu hushi joyida kap-katta kishilardir. Mana shu aqli raso kishilarning “Kim bu?” “Taniysanmi?” deb bir-birlari bilan soʻroq-savol qilishi esa oʻz farzandlarini urushga kuzatib, ularning yoʻllariga ilhaq termilib oʻtirgan onaxonni ermaklayotgandek... Qalbingni ogʻritadi....
Har birimizning qoʻlimizda soʻnggi rusumdagi telefonimiz bor. Uning imkoniyatlari yetarli. Turli videolar olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqata olamiz. Lekin shu oʻrinda bir jihatni unutmasligimiz kerak. Biz tarqatayotgan video orqali jamoatchilikka hurmatsizlik qilmayapmizmi? Afsuski, shunday katta xatoga yoʻl qoʻyyapmiz. Bilib turib shu ishni qilyapmiz. Har ikkala videoda ham xalqimiz milliy qadriyatlari, adabiyoti, mehr-oqibati ramzlariga, tuygʻulariga nisbatan hurmatsizlik bor. Bu esa albatta jamoatchilikda negativ kayfiyatni shakllantiradi.
Yana bir gap gʻazal mulkining sultoni Navoiy bobomizning haykaliga behurmatsizlik qilgan yigitga bir jihatdan toʻgʻri jazo qoʻllanilgan va bu ishni bir marotaba emas balki zarur boʻlsa oylab bajarsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Shu bilan birga, Alisher Navoiy gʻazallarining bir nechtasini yodlashi ham foydadan holi boʻlmasdi.
Mungli ona haykaliga ham hurmatsizlik qilgan yigitlar uni ozoda saqlashga masʼul etib belgilanishi hamda haykalning yaralish tarixini oʻrganishlari jazo sifatida belgilanishi lozim.
Shundagina oʻz tarixi, qadriyatlari, ona timsoliga hurmat bilan qaraydigan boʻladilar.
Azamat ABDURAHMONOV,
Fargʻona viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasining bosh mutaxassisi,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati huzuridagi “Yoshlar parlamenti” aʼzosi