Uchrashuvda “Biznes-inkubator” dasturi, qatnashish shartlari, qaysi sohalarni qamrab olishi, ariza to'ldirish shakli, qanday bilim va ko'nikmalar hosil bo'lishi haqida batafsil ma'lumot berildi.
Seminarda qayd etilganidek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki “Biznes inkubator” dasturini e'lon qildi. “Yashnobod” innovatsion texnoparki yangi g'oyalarni qo'llab-quvvatlash, “Biznes inkubator” dasturiga arizalar qabul qilishni boshladi. Dasturda 18 yoshdan kichik bo'lmagan tashabbuskor yoshlar, talabalar, tadbirkorlar va ilmiy xodimlar qatnashishlari mumkin.
Dastur uch oy davom etadi. Dastur qatnashchilari o'z ilmiy g'oyalarini biznes modelga aylantirish va hayotga tadbiq qilish, investorlar bilan ishlash bo'yicha amaliy mashg'ulotlarda qatnashadilar. Mashg'ulotlar O'zbekistonning ko'zga ko'ringan mahalliy va xalqaro mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Bundan tashqari, qatnashchilarga uch oy davomida tajribali biznes-ustozlar biriktiriladi. Biznes-ustozlar qatnashchilarga olingan saboqlarni o'z loyihalarida samarali qo'llashlarida ko'mak berib boradilar.
Dastur marketing boshqaruvi, moliyaviy boshqaruv, biznes operatsiyalar, raqamlashtirish va elektron platformalardan samarali foydalanish, huquqiy savodxonlik va soliqchilikka oid mavzularni o'z ichiga oladi.
Dastur so'ngida “Demo-kun” tadbiri o'tkaziladi. Unda dastur ishtirokchilari o'z loyihalari hamda biznes rejalarini investorlarga taqdim qilishlari mumkin bo'ladi.
Dastur asosiy maqsadi — yoshlar, yosh tadbirkorlar, ixtirochi olimlarning g'oyalarini biznes-modelga aylantirish, biznes boshqaruvda ko'mak berish, tadbirkorlar, olimlar va tashabbuskor yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini oshirishdan iborat, deyiladi “Yashnobod” innovatsion texnoparki axborot xizmati xabarida.