Biznes-ombudsman tadbirkorlarni reklamani noqonuniy olib tashlash holatlari haqida xabar berishga chaqirdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarga tegishli tashqi reklamalar buzilayotganligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Ushbu holat boʻyicha Biznes-ombudsman rasmiy munosabat bildirdi.

    Biznes-ombudsmanga koʻra, tashqi reklama obyektlarini oʻrnatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 20.02.2020-yildagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 104-sonli qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.

    Shu bilan birga, oʻrnatilgan tashqi reklama obyektlari qonunchilik talablariga muvofiq ravishda bajarilmasa konstruksiyalar tashqarisida joylashtirilgan plakatlar va eʼlonlar noqonuniy hisoblanishi va belgilangan tartibda ularning egalari hisobidan demontaj qilinishi lozimligi belgilangan.

    Agarda tadbirkorlarning qonun talablariga muvofiq oʻrnatilgan tashqi reklama obyektlari noqonuniy buzilayotgan holatlar mavjud boʻlsa 11-00 qisqa raqami orqali Biznes-ombudsmanga xabar berishlari soʻraladi, — deyiladi xabarda.