“Bizni mehr birlashtiradi!” deb nomlangan ushbu madaniy va xayriya tadbiri koʻtarinki ruhda boshlandi. Unda 105-sonli aqli zaif bolalar uchun maktab-internati, Chilonzor tumani 4-sonli skolioz bilan kasallangan bolalar maktab-internati, Chilonzor tumani 66-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va Respublika imkoniyati cheklangan shaxslar uchun kasb-hunar kolleji oʻquvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid soʻzga chiqib, yigʻilganlarni ushbu sana bilan qutladi. 120 nafar imkoniyati cheklangan oʻkuvchiga uyushma tomonidan chop etilgan kitoblar va esdalik sovgʻalarini ulashdi.
Shuningdek, uchrashuvda soʻz olgan Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir Gʻayrat Majid, Qoroqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chori yigʻilganlarni oʻz ijodi bilan bahramand etdi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining bir guruh isteʼdodli talabalari hamda oʻquvchi-yoshlar tomonidan qoʻshiqlar aytilib, bayram tadbiri davom etdi.