Taʼkidlanishicha, 7 sahifadan iborat hujjat iyul oyida BMT bosh qarorgohida Saudiya Arabistoni va Fransiya tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada tayyorlangan.

142 davlat hujjatni qoʻllab-quvvatlovchi rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan. Isroil, Argentina, Vengriya, Mikroneziya, Nauru, Palau, Papua-Yangi Gvineya, Paragvay, Tonga va AQSH qarshi ovoz berdi, 12 davlat esa betaraf qoldi.

Ovoz berishdan oldin Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Jerom Bonnafont “Nyu-York deklaratsiyasi”da “ikki davlat yechimini taʼminlash boʻyicha yagona «yoʻl xaritasi” belgilanganini eslatdi.

Bu Gʻazoda zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, u yerdagi barcha garovga olinganlarni ozod qilish va suveren Falastin davlatini barpo etishni oʻz ichiga oladi.

“Yoʻl xaritasi”da yana HAMASni qurolsizlantirish va uni Gʻazodagi boshqaruvdan chetlashtirish, Isroil va arab davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish, shuningdek, jamoaviy xavfsizlik kafolatlari talab qilinadi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish sessiyaning ochilish marosimida soʻzlagan nutqida “Yaqin Sharq tinchligining asosiy yechimi — Isroil va Falastin oʻrtasidagi ziddiyatni adolatli va ikki tomon manfaatlarini inobatga olgan holda hal etishdir” deb taʼkidladi.