Sammitning tantanali ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov barchani AKT haftaligi bilan samimiy qutlab, har bir tashrif buyuruvchi ushbu anjumandan katta bilim va tajriba olib ketishiga ishonchi balandligini bildirdi.
Ochilish marosimida shuningdek, xorijiy mehmonlar, jumladan, Qozog‘iston, Xitoy, Mo‘g‘iliston vazirlari va mas’ullari qatnashdilar.
Tadbirning taqdimot marosimi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan rus tiliga tarjima qilingan "BMT tadqiqoti: Elektron hukumat 2022" nashri uchun minnatdorchilik so‘zi hamda "Asosiy global tendensiyalar va tadqiqot natijalari" mavzusidagi chiqish bilan boshlandi.
Ushbu taqdimot BMT iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentining Davlat institutlari va raqamli hukumat bo‘limida raqamli hukumat bo‘linmasi boshlig‘i Vincenzo Aquaro tomonidan o‘tkazildi.
Shundan so‘ng rus tilidagi ilk nashri AKT vaziri Sh.Shermatovga tantanali ravishda topshirildi.
Sammit davomida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz Muxitdinovning O‘zbekiston elektron hukumati va raqamli infratuzilma rivoji, My.gov.uzda aholi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va qulayliklar to‘g‘risidagi ma’ruzasi tinglandi.