Xalqaro mutaxassisni Universitet rektori, professor Yunusov boshliq taʼlim maskani mutasaddilari kutib olishdi. 

Muloqot davomida rektor mehmonga Universitet va uning faoliyati, tayyorlaydigan mutaxassisliklar, shuningdek, oʻquv va amaliyot jarayonlari xususida gapirib berdi. 

Lineman honim ham oʻz navbatida tashkilotning Oʻzbekistondagi ushbu missiyasi va undan kutilayotgan natijalar xususida soʻz yuritdi. 

Xalqaro qishloq xoʻjaligini rivojlantirish fondi (IFAD) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus muassasasi boʻlib, ushbu moliyaviy institut 1977-yilda BMTning Jahon oziq - ovqat konferensiyasi qaroriga binoan taʼsis etilgan.

Tashkilot shu bugunga qadar oʻnlab muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirgan. 

Suhbat chogʻida mamlakatimizdagi mavjud vaziyat, yerdan ratsional foydalanish, Fermer xoʻjaliklarida ishlarning tashkil etilishi, aholiga xom - ashyo sotishdan koʻra, uni qayta ishlab tayyor mahsulot chiqarib, daromadlarni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida har ikki tomonning fikr – mulohazalari tinglandi. Universitet va uning fakultetlari bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida takliflar muhokama etildi. 

BMT huzuridagi mazkur moliya institutining mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlarda oʻziga xos oʻrni borligi eʼtirof etildi. Shuningdek, fondning moliyaviy ishtirokidagi loyihalarida sohaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari qatnashishi xususida fikr – mulohazalar bildirildi.

Kelgusida SamDVMCHBU Xalqaro fondning loyihalarida ishtirok etadi. Muloqot davomida shunga kelishib olindi. Mehmon universitet qoshidagi oʻquv va ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi. 

Universitet axborot xizmati