Ana shunday izlanuvchan yoshlarimizdan biri, bugungi kunda Hindistonning Osmaniya Universiteti Xalqaro iktisodiy munosabatlar yoʻnalishida talim olayotgan Oʻtkir Alimov bilan suhbat oʻtkazdik:

 Avvalo, hind xalqi va madaniyati, u yerning diqqatga sazovor maskanlari va oʻqishdagi taasurotlaringiz haqida gapirib bersangiz.

– Hindiston haqida gap ketganda bu oʻlkani moʻjizalar diyori deb ham atash mumkin. Koʻhna Sharqning eng qadimiy mamlakatlaridan biri hisoblanadigan bu joy dunyoning yetti moʻjizasidan biri Agradagi haqiqiy muhabbat ramzi – “Toj mahal” bilan koʻp mashxur. Ayniqsa, Kashmir togʻlarining ulugʻvorligi, Hind okeaniga borib tutashadigan Ganga daryosining sokin toʻlqinlari, oq yoʻl-yoʻl chiziqli Bengal yoʻlbarsining narashi, Bangalorning qoʻlga oʻrgatilgan ulkan fillari, Assam vodiysining bepoyon choy ekilgan dalalari, peshonasiga sindur surtgan Gujaratning goʻzal qizlari, Haydarobodning biryani, puri, bajji nomli ziravor taomlari haqida toʻlqinlanib gapirish mumkin. Oʻqishdagi tatil paytlarimizda Dehli, Goa, Bombey, Kalkutta, Orissa, Chennay, Kerala, Amritsar, Puna shaharlarini tomosha qilamiz.

Universitetimizda ellikka yaqin davlatdan kelgan yoshlar talim oladi. Xususan, bizning fakultetimizda Bangladesh, Nepal, Turkiya, Xitoy, Keniya, Paragvay, Ruminiya, Zimbabve, Qatar, Latviya, Ukraina kabi davlatlardan kelgan kursdoshlarim bor. Darslarimiz asosan ingliz tilida olib boriladi. Garchi ular boshqa millat vakillari boʻlishsa-da, ular bilan oʻrtoqlashib, ahil doʻst boʻlib ketganmiz. Biz bunday xorijiy oliygohlarda oʻqish sharafiga Istiqlol tufayli, hukumatimiz tomonidan yoshlarga yuksak eʼtibor sabab erishmoqdamiz, albatta.

 Iqtisod, siyosat va adabiyot. Bir-biridan yiroq sohalar. Adabiyotga qiziqishingiz bu shunchaki hobbiymi yoki…

– Oʻylab-oʻylab hozir bu borada bir xulosaga kelib qolganman: tanlagan soham xorijiy aloqalar, siyosat boʻlsa-da, ijodga, adabiyotga boʻlgan qiziqishimga ham jiddiy eʼtibor berib boraman. Ijodkorlik bu shunday bir taqdir va unga tan berish, uning butun azobiyu rohatiga koʻnish, chidash kerak.

Toʻgʻri, mutaxassisligim adabiyotdan anchayin yiroq. Ammo baribir yozuvchilik, soʻz sanati menga sakkizinchi moʻjizadek tuyulaveradi…

Bir vaqtlar Yozuvchilar uyushmasining “Doʻrmon” Respublika yoshlar seminarida ishtirok etib, yetuk yozuvchi, shoirlar Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Muhammad Ali, Anvar Obidjon, Usmon Azim, Ulugʻbek Hamdam kabi ustozlar sabogʻini olib qaytganmiz. Oʻshanda ular bizning ijodiy xatolarimizni toʻgʻrilashga yordam berib, oʻzlarining qimmatli maslahatlarini ayamaganlar. Ijodiy yutuqlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2013-yilda Sharqiy Yevropaning Mariupol shahrida oʻtkazilgan “Yashil sayyora” nomli yosh debatchilar tanlovida faol ishtirok etdim. 2014-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan Xalqaro Yoshlar Forumida qatnashib, “Eng original ekologik gʻoya” nominatsiyasida jamoamiz bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritdik. 2017-yilda Turkiyaning Istanbul shahrida oʻtkazilgan Xalqaro Yoshlar Festivali delegati sifatida ishtirok etdim. 2018-yilda esa Hindistonning Jaypur shahrida oʻtkazilgan “Kafla” Xalqaro Adabiyot va Madaniyat festivalida yurtimiz yosh ijodkorlari nomidan qatnashdim. Oʻzbek adabiyotini jahonga olib chiqishda oz boʻlsa-da hissa qoʻshsam xursand boʻlaman.

 Boshqa millat, boshqa til, oʻzgacha yashash tarzi, oʻzgacha madaniyat... Yurtdan olisda yurganingizda koʻp qiziqarli voqealarga duch kelsangiz kerak?

– Albatta. Hindistondagi har bir shtatning turmush tarzi va madaniyati oʻzgacha olam. Deylik, hindlarning “Holi” bayramida dunyo goʻzallikka burkansin deya bir-birlariga rang sepishadi. Mabodo oʻsha kuni Shimla tomonlarga oʻtib qolsangiz ust-boshingiz kamalakdek ranglarga burkanadi. “Devali” bayrami esa yorugʻlik bayrami. Ushbu ayyomda koʻchalar va uylarning chirogʻi aslo oʻchmaydi. “Ganesh” va “Dasara” bayramlari ham raqssiz va qoʻshiqlarsiz oʻtmaydi. Bilasizmi, hind ayollari oʻz umr yoʻldoshlarini mabudlardek koʻrishadi va umrlari davomida aytgan soʻzlarini oʻzlari uchun qonundek hisoblashadi. Boʻynidagi nikoh tumorini hech qachon yechmaydilar. Bayramlarda umr yoʻldoshiga uzoq umr tilab, qoʻllariga xina chizib, Karvachot roʻzasini tutadilar. Hindistonning memoriy obidalari ham koʻp ming yillik tarixga ega boʻlib, oʻtmish haqida afsonalar kuylaydi. Turli davrlarda bunyod etilganiga qaramasdan ularning har biri oʻzgacha ranglar jilosini hamda ajoyib kompozitsiya hosil qiladi. Ayniqsa, “Qutbminar”, “Nilufar” ibodatxonasi, “Chorminar”, “Humoyun” maqbarasi, “Hava mahal”, “Hamandir Sohib” ibodatxonalari mukammal arxitektura uslubida bunyod etilgan.

Eng qizigʻi, kursdoshlarimiz bilan Agra shahridagi “Toj mahal” maqbarasini ziyorat qilishga borganimizda majmuani tanishtiruvchi instruktor ushbu maqbarani Boburiylar sulolasining vakili Shohjahon oʻz rafiqasi Mumtozbegimga atab qurdirgan deganida oʻzbek ekanimdan gʻururlanib ketdim va kursdoshlarimga Bobur Mirzoning gʻazallaridan parchalar oʻqib berdim. Hatto ishonasizmi, men hozirda yashayotgan shaharda Boburiylar avlodiga mansub, mahalliy aholi Akbarshoh davomchilaridan biri deb bilguvchi Yaqub Habibuddin ismli inson yashar ekan. Yaqin orada men u inson bilan suhbatlashish niyatim bor. Suhbatlashsam taassurotlarimni yana albatta baham koʻraman.

Tengdoshlaringizga tavsiyalaringiz?

– Insonning umr bahorini yoshlikka oʻxshatishadi. Yoshlikning qanoti esa – orzu. Tabiatda fasllar takrorlanadi, ammo umr bahori qaytmaydi. Yoshlik shijoat fasli. Unda sen bemalol dengizni hatlashing, yulduzga qoʻl uzatishing mumkinday tuyuladi. Bugungi globallashuv zamonamizda tengdoshlarimga, uka-singillarimga tilagim shuki, millatimizga xos boʻlmagan qandaydir mavhum gʻoyalarga ergashmay, balki aniq maqsadlar sari dadil borishlarini istardim. Voyaga yetayotgan oʻgʻil yoki qiziga qaragan har bir ota-ona farzandi siymosida oʻzi erisholmagan orzular roʻyobini koʻrishni istaydi. Vaholanki, bugun yurtimiz yoshlarining imkoniyatlari anchayin keng. Axborot texnologiyalari bilimini oʻzlashtirsa, xorijiy tillarni mukammal oʻrgansa, mavjud imkoniyatlardan toʻlaqonli foydalana bilsa, kelajagi porloq boʻlishi shubhasiz.

Yulduz Oʻrmonova suhbatlashdi.