"Bunda, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi bo‘sh joylarning elektron hisobini yuritish, bolalarni tashkilotlarga qabul qilish uchun elektron navbatni shakllantirish va yo‘llanmalarni rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimi (MTBAT) tomonidan amalga oshiriladi" deya maʼlumot bermoqda Davlat xizmatlari agentligi.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari tashkilot quvvati va tarbiyalanuvchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlarning doimiy ravishda, shuningdek, tashkilotning bo‘sh o‘rni haqidagi maʼlumotlarning guruh ochilgan yoki yopilgan, guruh quvvati yoki taʼlim turi o‘zgargan, bola qabul qilingan va tashkilotdan chiqarilgan yoki boshqa guruhga o‘tkazilgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida MTBATga kiritib borilishini taʼminlaydilar.

Tartibga ko‘ra, Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelgan holda yoki YIDXP (https://my.gov.uz/uz) orqali murojaat qilinganda, to‘ldirilgan so‘rovnoma avtomatik ravishda MTBATga yuboriladi. MTBATda avtomatik ravishda quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:

- tegishli tashkilot va guruhda bo‘sh o‘rin bo‘lganda — yo‘llanma shakllantiriladi;

- tegishli tashkilot va guruhda bo‘sh o‘rin bo‘lmaganda — so‘rovnoma tegishlicha umumiy yoki imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi hamda xabarnoma shakllantiriladi.

Maktabgacha taʼlim vazirligining rasmiy veb-saytida tashkilotlar va guruhlardagi bo‘sh o‘rinlar soni to‘g‘risidagi maʼlumotlar doimiy ravishda yangilab boriladi.

Davlat xizmatlari markazlari, vakolatli organlar va tashkilotlar o‘rtasida axborotlar almashuvi faqat idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik orqali elektron raqamli imzoni qo‘llagan holda amalga oshiriladi.