Bolaning bog‘chaga borishi shart emas, deydiganlar qattiq yanglishadi. Bola bog‘chada nafaqat ta’lim-tarbiya oladi, balki o‘zini shu jamiyatning bir bo‘lagi sifatida ham his qila boshlaydi. 2017-yil 19- oktyabr kuni maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari “Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Mutaxassis va pedagoglarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Ana shu dalilning o‘zi bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida bog‘cha tarbiyasi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bunga qo‘shimcha isbot qidirib uzoqqa borishning hojati yo‘q. Bog‘cha tarbiyasini olgan bola bilan bog‘chaga bormagan bolani solishtirganda, ularning fikrlash darajasi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini sezish qiyin emas.
Shuning uchun ham biz maktabgacha ta’lim tizimini qayta ko‘rib chiqish masalasini davlat siyosati darajasiga ko‘tarib, bu borada katta ishlarni boshladik. Agar shu ishni har tomonlama puxta o‘ylab amalga oshirmasak, butun ta’lim tizimida sifat o‘zgarishiga erishishimiz, ta’limning uzluksizligini ta’minlashimiz qiyin bo‘ladi”, deya ta’kidlagan edi.
Mamlakatimizda bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olishda oilaviy bog‘chalar tashkil etilgani bu masalada yangi va samarali yechim bo‘ldi. So‘nggi olti yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetgani, buning natijasida 2 millionga yaqin bola bog‘chaga borayotgani tizimda boshlangan islohotlarning samarasiga yaqqol dalildir. Birgina misol: 2017-yili Toshkent viloyatida 3-7 yoshli 220 mingdan ziyod bolaning atigi 60 mingga yaqini 441 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olingan edi. O‘sha vaqtda Toshkent viloyatida birorta ham oilaviy bog‘cha faoliyat ko‘rsatmayotganini qayd etish kerak. 2022 yili viloyatda istiqomat qiladigan qariyb 3-7 yoshli 214 ming boladan 144 ming 507 nafari 1 ming 782 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olindi. Eng ahamiyatlisi, bugunga kelib viloyatda 1 ming 67 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib, ularda qariyb 28 ming bola ta’lim-tarbiya olmoqda.
Mana shu muassasalar orasida Nurafshon shahridagi Saida Ermatova mudiralik qilayotgan oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti ham bor. U yuzga yaqin bolalar qatori mudiraning hayotida ham tub burilishlar yasadi.
— 2019-yili oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish to‘g‘risidagi xushxabar hayotimda tub burilish yasadi. Bu paytda oddiy uy bekasi, ishsiz ayol edim. Bunday yangilikni eshitganim zahoti yuragimdagi umid uchquni alangaladi va oilaviy bog‘cha ochishga qaror qildim, — deydi Saida Ermatova.
Nurafshon shahri Nurafshon mahallasida tashkil etilgan bu bog‘cha shaharda ilk oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan biri edi. Dastlab 25 o‘rinli MTT sifatida ish boshlagan muassasada keyinchalik yana 25 ta o‘rin tashkil etildi. Hozir 50 o‘rinli oilaviy MTTda bolalar o‘rta va katta guruhning musiqa, tasviriy san’at, raqs va rus tili to‘garaklarida boshlang‘ich bilimlarni o‘zlashtirmoqda. Ularning ilk bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Oilaviy bog‘chada bolalarning davomati va xodimlarning ishga kelib-ketishi onlayn nazorat qilinadi. Tizim to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga ulangan. Shunga ko‘ra, davlat tomonidan xodimlarga oylik ish haqi va bolalarga oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi. Hozir 2 ta guruh uchun o‘rtacha 12 million so‘m atrofida har oyda subsidiya beriladi. Bundan tashqari, bolalar uchun oylik to‘lov ham hamyonbop — 300-350 ming so‘m.
Prezidentimiz yaqindagi Murojaatnomasida maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlar xususida so‘zlab, jumladan, shunday degan edi: “yaqinda Toshkent shahrida o‘tkazilgan YUNESKoning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha umumjahon anjumanida ham bu islohotlarimiz yuksak e’tirof etildi.
Shu bilan birga, kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bog‘cha o‘rni kerak. Bu — juda katta marra. Shu bois, bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi”.
Maktabgacha ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad bitta. U ham bo‘lsa, bola bog‘chaga borsin! Fikri teran, sinchkov nigohli, keng dunyoqarashli, eng muhimi, Uchinchi Uyg‘onish davriga tamal toshini qo‘ya oladigan avlod ta’lim-tarbiyani, albatta, bog‘chadan boshlashi lozim.
“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom olgan 2023-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish xususiy sektor hisobiga yanada ortishi turgan gap. Chunki yurtimizda Saida Ermatovadek tashabbuskor va bugungi davr siyosatini to‘g‘ri tushunadigan xotin-qizlar, ishbilarmon ayollar bisyor.
Otabek ISROILOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi