Nizomga koʻra, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan barcha tovarlarning vazni va miqdori oʻlchovdan oʻtkazilishi shart.
Vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan tovarlar va ularning hujjatlari koʻpi bilan 30 kalendar kun, tez buziladigan tovarlar esa koʻpi bilan 2 kalendar kun mobaynida saqlanadi.
Saqlash muddati ularni vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan kunning keyingi kunidan hisoblanadi.
Fuqarolar tomonidan maʼlum qilingan tovarlarning bojxona qiymatini tasdiqlovchi tovar hujjatlari taqdim etilmagan taqdirda, davlat bojxona xizmati organi tovarlarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi.
Chegara bojxona postlari tomonidan vaqtincha saqlash uchun qabul qilingan tovarlarni saqlaganlik uchun tovarlar vaqtincha saqlovga olingan kundan eʼtiboran har 100 kg.gacha ogʻirlikka (brutto) toʻliq va toʻliq boʻlmagan har bir kalendar kun uchun:
dastlabki 5 kunda BHMning 5 foizi (12 ming 250 soʻm) miqdorida, keyingi 10 kunda BHMning 7 foizi (17 ming 150 soʻm) miqdorida, qolgan kunlarda BHMning 10 foizi (24 ming 500 soʻm) miqdorida;
tez buziladigan tovarlarni vaqtincha saqlaganlik uchun BHMning 15 foizi (36 ming 750 soʻm) miqdorida bojxona yigʻimi undiriladi.
Tovarlarni qaytarish, vakolatli shaxs (tovarlarning egasi) tomonidan dalolatnomaning bojxona organi tomonidan tasdiqlangan nusxasi va shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish bilan amalga oshiriladi.
Tovarlar bojxona yigʻimi toʻlangandan hamda hujjatlar rasmiylashtiruvi tugagandan keyin darhol qaytariladi.