“Soʻnggi besh yilda mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga - 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2021-yilda 42 milliard dollarga oshdi.

Bojxona tizimi mamlakatimizni jahon iqtisodiyotiga bogʻlaydigan koʻprik hisoblanadi.

Bu tizim toʻgʻri va ochiq-oshkora ishlamasa, tadbirkorlik, investitsiyaga toʻsiq boʻladi hamda aholining noroziligini keltirib chiqaradi.

Shuning uchun bu sohada 2019-yilda katta islohotlarni boshladik”, dedi Prezident yigʻilish avvalida.

Jumladan:

- bojxona postlarida “yashil yoʻlak”lar joriy etilib, hozirda ular orqali 95 foiz yoʻlovchi va 75 foiz yuk oʻtmoqda;

- avval 12 ta idoradan olingan 60 turdagi ruxsatnomalar “yagona darcha” orqali elektron shaklga oʻtkazildi;

- natijada bojxonada yuklarni rasmiylashtirish vaqti 10 barobargacha qisqardi.