Shu ma’noda, bojxona xizmati oldidagi vazifalar ham tobora murakkablashmoqda. Bir tomondan, tashqi savdo oqimining erkin va tezkor harakatini ta’minlash, tadbirkor uchun ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish talab etilsa, ikkinchi tomondan, mamlakat iqtisodiy manfaatlari va jamiyat xavfsizligini ishonchli himoya qilish zarur.

Bu ikki vazifa o‘rtasidagi muvozanatni topish har qanday zamonaviy bojxona ma’muriyati uchun hal qiluvchi masaladir.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon bojxona tashkilotining VII Global kinologiya forumi ana shu murakkab vazifalar, yangi tahdidlar va umumiy yechimlar xususidagi xalqaro muloqotning muhim maydoni bo‘ldi. 50 ga yaqin davlatdan bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xalqaro tashkilotlar, kinologiya xizmati mutaxassislarining mamlakatimizda jam bo‘lishi — O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik uchun ochiqligi, shu bilan birga, mamlakatimiz bojxona tizimida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bo‘lgan qiziqish va ishonchning ham ifodasidir.

Faqat tajriba almashish maydoni emas

Jahon bojxona tashkiloti tomonidan 2011-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Global kinologiya forumlari qisqa davrda kinologiya sohasidagi eng nufuzli professional muloqot maydonlaridan biriga aylandi. Bu yilgi forumning Toshkent shahrida o‘tkazilgani ham bejiz emas.

Forum Jahon bojxona tashkilotining 2026-yil uchun belgilangan “Bojxona jamiyatni hushyorlik va sadoqat orqali himoya qiladi” degan shiori bilan hamohang tarzda tashkil etildi. Ushbu shior zamirida bojxona xizmati faoliyatining bugungi mazmuni mujassam.

Chunki zamonaviy tahdidlar milliy chegaralarda to‘xtab qolmayapti. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi, qurol-yarog‘ kontrabandasi, noqonuniy valyuta harakati, yovvoyi tabiat obyektlari savdosi va boshqa transmilliy jinoyatlar tobora yangi, murakkab va yashirin usullarda amalga oshirilmoqda.

Bunday sharoitda bir davlatning sa’y-harakati bilan global tahdidlarga qarshi samarali kurashish mumkin emas. Axborot almashish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yangi texnologiyalar va standartlarni birgalikda joriy qilish zamonning obyektiv ehtiyojiga aylandi.

Shu nuqtayi nazardan, Toshkent forumi kinologiya sohasidagi eng yaxshi tajribalarni o‘rganish, xizmat itlarini tayyorlashning zamonaviy usullari, yangi texnologiyalarini qo‘llash va yangi tahdidlarga qarshi samarali yondashuvlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi.

Eng muhimi, bu forum bizga yana bir haqiqatni anglatdi: xavf-xatarlar globallashgan sharoitda xavfsizlikka munosabat ham jiddiy bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston

kinologiya maktabi: 30 yillik tajriba va yangi marralar

Joriy yil O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi tashkil etilganiga 30 yil to‘ladi. Bu shunchaki sana emas. Bu o‘nlab yillar davomida shakllangan tajriba, avlodlar davomiyligi, mutaxassislar mehnati va eng muhimi, mamlakat xavfsizligiga xizmat qilayotgan o‘ziga xos maktabdir.

Markaz 1996-yildan buyon kinolog xodimlarning malakasini oshirish, xizmat itlarini yetishtirish va tayyorlash bo‘yicha katta tajriba to‘pladi. 2008-yilda Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomini qo‘lga kiritgach, uning xalqaro vazifalari yanada kengaydi.

So‘nggi yillarda markazda xorijlik 200 dan ortiq kinolog xodimning malakasi oshirildi. Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Armaniston, Mo‘g‘uliston va Erondan kelgan mutaxassislar bu yerda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tdi. Bugun Janubiy Koreya va Tojikistonda O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan tayyorlangan 22 ta xizmat itidan foydalanilayotgani ham ushbu maktabning amaliy salohiyatidan dalolat beradi.

Albatta, biz bu natijalar bilan cheklanib qolishni maqsad qilmaganmiz. Kelgusida Milliy kinologiya markazining xalqaro o‘quv va tajriba almashish salohiyatini yanada kengaytirish, ko‘proq xorijlik mutaxassislarni tayyorlash, xizmat itlarini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish muhim vazifalarimizdan bo‘lib qoladi.

Zero, kinologiya faqat xizmat itlarini tayyorlash tizimi emas, balki yuqori darajadagi professional bilim, seleksiya, veterinariya, psixologiya, maxsus tayyorgarlik, texnologiya va amaliy tajribaning o‘zaro uyg‘unligidir.

Islohotlarning eng muhim mezoni — natija

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar bojxona tizimining qiyofasi va ishlash falsafasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Buni, eng avvalo, raqamlarda ko‘rish mumkin. 2016 yilda mamlakatimiz tashqi savdosi hajmi 17 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, bu ko‘rsatkich 55 milliard dollarga yetdi.

Chegara bojxona postlarimiz orqali harakatlangan yukli avtotransport vositalari va temir yo‘l vagonlari soni 568 mingtadan 2 milliontaga, mamlakat chegarasini kesib o‘tgan fuqarolar soni esa 19,7 milliondan 57,7 millionga, eksportyorlar soni 3000 dan 9200 ga, importyorlar soni esa 12 mingdan 32,2 mingga yetdi. Ya’ni tashqi savdo va harakat hajmi bir necha barobar oshdi. Bunday sharoitda bojxona tizimini kechagi usullar bilan boshqarish mumkin emas.

Ko‘proq yuk, ko‘proq fuqaro va ko‘proq tadbirkor bu — faqat ko‘proq ish degani emas. Eng avvalo, yangi boshqaruv modeli, raqamli texnologiyalar va mutlaqo yangi fikrlash tarzi zarurligini anglatadi. Shuning uchun biz keyingi yillarda bojxona jarayonlarini maksimal darajada raqamlashtirish va inson omili ishtirokini qisqartirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Natijada soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilayotgan yuk deklaratsiyalarining ulushi 85 foizga yetdi. Inson omili ishtirokisiz rasmiylashtirilayotgan deklaratsiyalar ulushi 6 foizdan 33 foizga oshdi. Avtotransport vositalarining chegara bojxona postlaridan o‘tishi uchun sarflanadigan o‘rtacha vaqt 72 daqiqadan 28 daqiqaga qisqartirildi. Bojxona to‘lovlaridan davlat budjetiga tushum esa 2016-yildagi 5,6 trillion so‘mdan 2025-yilda 76,2 trillion so‘mga yetdi.

Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar va bojxona tizimi oldiga qo‘yilayotgan vazifalarning mazmuni ham aynan tezkor, shaffof, raqamli va zamonaviy boshqaruv tizimini yaratishdan iborat. Shu bilan birga, raqamlashtirishni faqat elektron hujjat yoki yangi dastur sifatida tushunmaslik kerak. Raqamlashtirish, avvalo, inson omili ishtiroki bilan bog‘liq korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish, qaror qabul qilishni tezlashtirish, tadbirkor uchun ortiqcha xarajat va vaqtni qisqartirish, ma’lumotlar asosida boshqaruvni joriy etishdir.

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersning Toshkentga tashrifi davomida Bojxona qo‘mitasiga kelib, O‘zbekiston bojxonasida aynan shu o‘zgarishlarga yaqindan guvoh bo‘lgani, jarayonlarni raqamlashtirish, soddalashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarga yuqori baho bergani biz uchun katta ahamiyatga ega.

Chunki bu tashqi kuzatuvchining umumiy mulohazasi emas, balki dunyo bojxona ma’muriyatlarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro tashkilot rahbarining bevosita tanishuvdan keyingi xulosasidir.

Xizmatlar tadbirkorga yaqin bo‘lishi kerak

Biz uchun islohotlarning yana bir eng muhim yo‘nalishi tadbirkor bilan munosabatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishdir. Chunki tashqi savdo faoliyatida bojxona davlat bilan tadbirkor o‘rtasidagi eng muhim nuqtalardan.

Agar bu yerda jarayon murakkab bo‘lsa, butun logistika zanjiri sekinlashadi. Bojxona rasmiylashtiruvida bittagina ortiqcha to‘siq bo‘lsa, bu — tadbirkorning xarajati oshadi degani. Agar tizimda ochiqlik yetarli bo‘lmasa, o‘z-o‘zidan ishonch ham susayadi.

Shu sababli ikki yil avval yaxshi niyatlar bilan Bojxona qo‘mitasida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashkil qilindi. Barcha hududiy boshqarmalarda tuzilmaning vakillari ish boshladi. Ularning vazifasi oddiy, ammo juda muhim: tadbirkorning muammosini eshitish emas, hal qilish.

Joriy yil may oyidan buyon qariyb 2000 tadbirkor bilan bevosita muloqotlar o‘tkazildi. Ular tomonidan ko‘tarilgan 428 ta masalaning 342 tasi, ya’ni 80 foizi hal etildi. Qolgan masalalar bo‘yicha aniq “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.

Bunda, eng avvalo, o‘zimiz prinsiplarni o‘zgartirdik. Endi tadbirkor muammosini aytish uchun bojxonaga kelmaydi. Aksincha, bojxona tizimi rahbarlari tadbirkorning zavodi, sexi, fabrikasigacha borib, uning ish jarayoni bilan tanishmoqda, dardini eshitmoqda.

Bojxona xodimi tadbirkorning muammosini hujjatdan emas, uning faoliyatidan ko‘ra bilishi lozim. Shundagina qabul qilinayotgan qarorlar hayotga yaqin va samarali bo‘ladi. Bu, nazarimda, faqat ish uslubining emas, davlat xizmati falsafasining ham o‘zgarishidir. Chunki davlat idorasi xalqdan uzoq bo‘lmasligi kerak. Eng muhimi, Prezidentimiz ham bizdan aynan shuni talab etmoqda.

E’tibor ortida mas’uliyat

Toshkent forumi doirasidagi yana bir muhim voqea — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qilgani bo‘ldi.

Uchrashuvda bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, bojxona organlari salohiyatini oshirish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro muloqotda O‘zbekistonda tashqi savdoni yengillashtirish, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlarini joriy qilish, bojxona tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar alohida qayd etildi.

Prezidentimiz qabulida bojxona tartib-taomillarini yanada raqamlashtirish va uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu vazifalar, ayniqsa, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Eng muhimi, uchrashuv yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Jahon bojxona tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, bojxona ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qamrab oladigan “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Biz uchun Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlik faqat xalqaro tadbirlarda ishtirok etish yoki tajriba almashish bilan cheklanmaydi. Ushbu hamkorlik orqali dunyodagi eng ilg‘or bojxona standartlarini o‘rganish, ularni milliy qonunchilik va amaliyotga moslashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va xalqaro savdoni yanada yengillashtirishni maqsad qilganmiz.

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sonders mamlakatimizdagi bojxona jarayonlarini modernizatsiyalash, raqamlashtirish va soddalashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish borasidagi islohotlarga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bojxona sohasiga qaratilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlov mamlakatdagi keng ko‘lamli modernizatsiya jarayoniga muhim turtki berayotganini alohida ta’kidladi.

Eng quvonarlisi, Jahon bojxona tashkiloti rahbari O‘zbekiston bojxonasida to‘planayotgan tajriba kelgusida tashkilotga a’zo boshqa davlatlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkinligiga ishonch bildirdi. Ushbu fikr biz uchun, shubhasiz, katta e’tirof. Lekin bu, avvalo, katta mas’uliyat hamdir.

Agar 5-6 yil avval biz dunyo tajribasini o‘rgangan bo‘lsak, bugun o‘z tajribamizni boshqalar bilan o‘rtoqlashish, xalqaro hamjamiyat bilan baham ko‘rish darajasiga ko‘tarildik. Ammo natijalar bilan kifoyalanadigan pallada emasmiz. Bizdan raqamli islohotlarni davom ettirish, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlilidan keng foydalanish, xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish, inson omili ishtirokini yanada qisqartirish va kadrlar salohiyatini muttasil oshirish talab etiladi.

Tezlik va nazorat o‘rtasidagi muvozanat

Bugun bojxona sohasidagi eng muhim masalalardan biri tezlik va nazorat o‘rtasida to‘g‘ri muvozanatni ta’minlashdir. Forum ochilishida ta’kidlanganidek, nazoratsiz tezlik tartibsizlikka, tezliksiz nazorat esa tirbandlikka olib keladi. Mazkur ibora zamonaviy bojxona ma’murchiligining butun mazmunini o‘zida mujassam etgan.

Biz tadbirkorning vaqtini tejashimiz kerak, ammo xavfsizlik hisobiga emas. Nazoratni kuchaytirishimiz zarur, ammo savdoni to‘xtatib qo‘yish evaziga emas. Demak, yechim hammani bir xil tekshirishda emas, balki xavfni aniq baholash, ma’lumotdan samarali foydalanish va yuqori xavfli yo‘nalishlarga maqsadli e’tibor qaratishda. Bu esa bojxona tizimi kelajagining asosiy yo‘nalishlaridan biri, ya’ni ma’lumotga asoslangan aqlli nazoratni nazarda tutadi.

Bizdagi raqamlashtirish jarayonining bosh maqsadi ham aynan shu — ko‘proq hujjat emas, sifatli ma’lumot; ko‘proq tekshiruv emas, aniq va maqsadli nazorat; ko‘proq byurokratiya emas, tezkor va adolatli qaror qabul qilishga asoslangan.

Toshkentdan boshlangan muloqot

Shu yil 7-9-sentabr kunlari poytaxtimiz mezbonlik qilgan VII Global kinologiya forumi yakunlandi. Ammo Toshkentda boshlangan muloqot yakunlanmadi, aksincha, uning yangi bosqichi boshlandi.

Prezidentimiz qabulida erishilgan kelishuvlar, O‘zbekiston va Jahon bojxona tashkiloti o‘rtasida ishlab chiqiladigan yangi “yo‘l xaritasi”, forum doirasida o‘rnatilgan professional aloqalar — bularning barchasi kelgusida aniq amaliy natijalarga aylanadi.

Biz xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bojxona xizmatini raqamlashtirish, tashqi savdo uchun qulay muhit yaratish, jamoatchilik va tadbirkorlar bilan muloqotni kuchaytirish hamda jamiyat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan VII Global kinologiya forumi bizga yana bir muhim haqiqatni ko‘rsatdi: bugun O‘zbekiston bojxonasi o‘zgarishlarni chetdan kuzatayotgan tizim emas. U xalqaro bojxona hamjamiyati bilan birga fikr yuritayotgan, umumiy tahdidlarga qarshi umumiy yechimlar izlayotgan, zamonaviy standartlarni amaliyotga joriy etayotgan va bunda boy tajriba orttirayotgan tizimdir.

Jadal o‘zgarayotgan dunyoda iqtisodiyot uchun tezkor, tadbirkor uchun qulay va jamiyat uchun ishonchli bojxona tizimini barpo etishda Toshkent forumi alohida ahamiyat kasb etadi.

Ushbu nufuzli xalqaro tadbir kelgusi harakatlarimiz uchun yangi nuqtayi nazar, yangi mas’uliyat va yangi marralarni belgilab bergan voqea sifatida tarixda qoladi.

Akmalxo‘ja MAVLONOV,

Bojxona qo‘mitasi raisi