Bundan ikki yil oldin MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov Kuba boks federatsiyasi prezidenti Alberto Puig bilan uchrashib, yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar oʻtkazgandi.

Ushbu kelishuvga koʻra, oʻsha 2019-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston terma jamoasi Kubada oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari olib bordi. Endilikda mazkur kelishuvning mantiqiy davomi sifatida Kuba terma jamoasi Oʻzbekistonda yurtimiz charm qoʻlqop ustalari bilan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazadi.

Ayni paytda Oʻzbekiston terma jamoasi Toshkent viloyatining Yangiobod oʻquv bazasida yigʻin olib bormoqda. Bugun kubaliklar ham ushbu yigʻinga qoʻshilishadi va har ikki mamlakat bokschilari oldinda turgan jahon chempionatiga birgalikda tayyorgarlik koʻrishadi. Qayd etish lozimki, kubaliklarning Toshkentga kelgan tarkibida uch nafar Olimpiada chempioni ham bor.

Qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻini 22-oktyabrga qadar davom etadi va oʻsha kuni har ikki terma jamoa Belgrad shahriga joʻnab ketadi.