Savdo uyining ochilish marosimida Ozarbayjonning rasmiy, siyosiy va ishbilarmon doiralari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilarining nutqlarida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi munosabatlarning jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Ularga koʻra, mazkur jarayonning zaminida ikki mamlakatning yurtboshilari oʻrtasidagi yaqin birodarlik va qardoshlik rishtalari yotibdi.
Oʻzbekiston Savdo uyi faoliyatiga toʻxtar ekan, maʼruzachilar mazkur tuzilmaning barpo etilishida yangicha yondashuv va konsepsiya qoʻllanilganini olqishlab qabul qildilar. Jumladan, mazkur tuzilma yil davomida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish, elektrotexnika, farmatsevtika, tekstil, charm-poyabzal va boshqa sohalarga mansub mahsulotlarni koʻrgazma qilish hamda ularga xaridor topishda koʻmak berish bilan shugʻullanadi.
Ayni paytda, mehmonlar Oʻzbekiston Savdo uyi ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshishiga va boshqa shu kabi tuzilmalarga oʻrnak boʻlishiga ishonch bildirdilar. Mazkur tadbir Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi.