Bo'lajak bojxonachilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash — zamon talabi

    Bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda Bosh prokuratura, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda o'tkazib kelyapmiz.

    Dunyo mamlakatlari o'rtasida kechayotgan iqtisodiy hamkorlik masalalari doirasi kengayotgan bir vaqtda mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta'minlash va tashqi iqtisodiy faoliyatning rivojlanishiga ko'maklashishda iqtisodiy va huquqiy bilimlar bilan qurollangan zamonaviy dunyoqarashdagi bojxonachilarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz tomonidan bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish hamda bojxona ma'murchiligiga oid qabul qilingan bir qator farmon va qarorlarda muhim va strategik vazifalar belgilandi. Albatta, bunday mas'uliyatli vazifalarni bajarish bevosita bojxona tizimining salohiyatli kadrlar bilan ta'minlanganligiga bog'liq. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda bojxona sohasi uchun ham milliy kadrlarni tayyorlash tizimi shakllantirildi. Xususan, bojxona ishi sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlash bo'yicha nafaqat O'zbekistonda, balki mintaqada yagona bo'lgan ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim muassasasi tashkil etildi.

    Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish tendentsiyalari va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligining oshib borishini hisobga olgan holda bojxona organlari kadrlarini kasbiy tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan institut Davlat bojxona qo'mitasining Bojxona instituti etib qayta tashkil etildi hamda bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo'yicha ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim hamda ilmiy-metodik muassasa etib belgilandi.

    Mazkur qaror ijrosi doirasida ikki bosqichli — “Bojxona ishi”, “Yurisprudentsiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta'minlash)” bakalavriat ta'lim yo'nalishlari hamda “Bojxona ishi (faoliyat turi bo'yicha)”, “Soliq va bojxona huquqi” magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo'lga qo'yildi.

    Professional bojxonachilarni tayyorlashda kadrlar bilimi, malakasi va ko'nikmalariga qo'yiladigan malaka talablari asosida bakalavriat ta'lim yo'nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari o'quv rejalari ishlab chiqildi. Bakalavriat ta'lim yo'nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash bilan bir qatorda, bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda bojxona organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari ham amalga oshirilyapti.

    Jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat va chegara bojxona postlarida bojxona nazorati, surishtiruv yo'nalishlari bo'yicha o'quv dasturlari ishlab chiqilib, bojxona xodimlarining amaliy ko'nikmalarini rivojlantirish va mustahkamlashni nazarda tutuvchi malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. SHuningdek, bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun o'qish muddati 3 oydan iborat bo'lgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari joriy etildi.

    Bugungi globallashuv jarayonlarining bojxona organlari uchun kadrlarni tayyorlash tizimiga ta'siri muqarrarligini e'tiborga olib, ta'lim mazmunining milliy tarkibiy qismini saqlab qolgan holda Jahon bojxona tashkiloti (JBT) tomonidan taklif etilgan bojxona kadrlarini tayyorlashning xalqaro professional standartlari asosida ta'lim jarayonini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 iyundagi “Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O'zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi PF-6005-son Farmoni bojxona organlari uchun kadrlarni tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha mantiqiy uzviylikni namoyon etdi.

    Mazkur Farmon bilan “2020 - 2023 yillarda bojxona ma'muriyatchiligini isloh qilish va O'zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish kontseptsiyasi” tasdiqlandi. Kontseptsiyada bojxona organlarida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish, ularning xalqaro miqyosdagi obro'sini oshirish avvalo malakali va tajribali kadrlarga bog'liqligi alohida qayd etilib, kadrlarni tayyorlash va salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida Bojxona instituti “Bojxona ishi” bakalavriat ta'lim yo'nalishini JBTning PICARD (Bojxona akademik tadqiqotlari va rivojlanishi sohasida hamkorlik) dasturining professional standartlariga muvofiq akkreditatsiyadan o'tkazish vazifasi belgilandi.

    Globallashuv va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonlari bojxona xodimidan mamlakatlarning iqtisodiy siyosatini va xalqaro standartlarga asoslangan bojxona tartib-taomillarini yanada yaxshiroq tushunishni talab qiladi. SHu ma'noda PICARD dasturining professional standartlari ushbu talablarga javob bera oladigan malakali kadrlar tayyorlash imkonini beradi. Mazkur professional standartlar JBT tomonidan INCU bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo'lib, dunyo mamlakatlari bojxona ta'limida bakalavrlar va magistrlarni tayyorlash uchun qo'llaniladi. Bugungi kunda 10 ga yaqin xorijiy ta'lim muassasalarining 20 dan ortiq o'quv dasturlari mazkur standartlarga muvofiqligi bo'yicha akkreditatsiyadan o'tkazilgan.

    Aytish joizki, 2019 yilning dekabr` oyida Bojxona universitetlari xalqaro tarmog'i — INCUga a'zo bo'lganimiz tarmoqning ilg'or tajribalari, jumladan, bojxona yo'nalishida olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro konferentsiya va simpoziumlar hamda ta'lim jarayonini takomillashtirish bilan bog'liq turli xalqaro tadbirlarda ishtirok etish imkonini beradi. 200 dan ortiq a'zo va filiallarga ega bo'lgan xalqaro notijorat tashkilotning maqsadi bojxona sohasi bo'yicha kadrlar tayyorlashga doir ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va targ'ib qilish, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish hisoblanadi.

    Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi va Jahon bojxona tashkiloti o'rtasidagi hamkorlik doirasida Jahon bojxona tashkilotining CLiCK (Customs Learning and Knowledge Community) ta'lim portaliga Institutning professor-o'qituvchilari va xodimlari a'zo bo'lib, undagi ma'lumotlardan o'quv jarayonlarida foydalanib kelmoqda.

    O'qituvchilarimiz respublika miqyosidagi istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo'yicha “Taraqqiyot”, “eng yaxshi olima ayol” tanlovlarida ishtirok etib, sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritib kelayotgan bo'lsalar, 2019-2020 yillarda xodimlarimiz “el-yurt umidi” jamg'armasi stipendiyasi, “BOMCA-9” dasturi, Bojxona universitetlari xalqaro tarmog'i dasturlari doirasida xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytishdi. Umuman, olganda, pedagoglarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish va ta'lim sifatini oshirishga birlamchi e'tibor beryapmiz.

    Kursantlarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ularni amaliyotda qo'llash ko'nikmasini rivojlantirishga yo'naltirilgan, asosan mutaxassislik fanlaridan tashkil topgan zamonaviy ta'lim standartlarini va sifat jihatidan yangicha o'qitish tizimini joriy etish hisobiga amaliyotga yo'naltirilgan o'quv jarayoni shakllantirildi.

    Amaliy mashg'ulotlarni bevosita Toshkent shahri va viloyati hududida joylashgan bojxona postlarida tashkil etish mexanizmi yaratildi hamda dars mashg'ulotlariga Davlat bojxona qo'mitasining etakchi mutaxassislarini jalb etish orqali tayyorlanayotgan kadrlarning amaliy ko'nikmalarini oshirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

    Ta'lim va tarbiya uyg'un bo'lgandagina biz orzu qilayotgan barkamol avlodlar kamolga etishini chuqur his qilgan holda biz albatta ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar ta'siriga tayanamiz.

    Ayniqsa, davlatimiz rahbarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha yaqinda o'tkazgan videoselektor yig'ilishi institutimizda ma'naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni yanada tizimli va samarali tashkil etishga katta turtki bo'ldi. Shu o'rinda aytish joizki, 2020 yilda 70 dan ortiq ma'naviy-ma'rifiy tadbirlari, shuningdek, harbiy-vatanparvarlik targ'ibot tadbirlari tashkil etildi.

    Bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda Bosh prokuratura, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda o'tkazib kelyapmiz.

    Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida kursantlar o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib etish, ijodkor yoshlarni qo'llab-quvvatlashga ham jiddiy e'tibor qaratamiz. Xususan, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning tavalludning 579 yilligi, buyuk davlat arbobi va sarkarda, adib va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537, Abdulla Qodiriy tavalludining 126 yilligi munosabati bilan 10 dan ortiq ijodiy kechalar tashkil etildi.

    Institut ofitser, serjant va kursantlarining ijodiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash maqsadida Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Institut ofitser va kursantlarining nasriy va nazmiy ijod namunalaridan iborat “Qalb gavharlari” nomli to'plam hamda kursant M.Temirovning “Umrim bahori” nomli she'riy to'plamini chop ettirdik. Institutda “Yangi asr avlodi” va “O'zbekiston” nashriyotlari bilan hamkorlikda ko'plab kitob yarmarkalari tashkil etildi. “Meni o'zgartirgan kitob” onlayn tanlovi esa kursantlarimiz orasidan yangi-yangi iqtidorlarni kashf etishimizga xizmat qildi.

    2021 yilda bu kabi tizimli ishlarimiz salmog'ini yanada ko'paytirishga kirishganimiz barobarida mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan ayrim takliflarimni aytib o'tishni joiz topdim.

    Jumladan, harbiy-tarixiy festivallarni tashkil etish orqali Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shoxrux va Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimizning harbiy va ma'naviy jasoratlarini yoshlar ongiga chuqur singdirishga erishishimiz mumkin.

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tarixiy va harbiy-vatanparvarlik yo'nalishda yozilgan nasriy va nazmiy asarlar tanlovini o'tkazish esa yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi, deb o'ylaymiz.

    Shuningdek, “Men shu yurt farzandiman” ruknida turkum ko'rsatuvlar tashkil etish, “Avlodlar uchrashuvi” loyihasi asosida barcha ta'lim muassasalarida el-yurt hurmatiga sazovor bo'lgan faxriy avlod vakillari bilan uyushmagan yoshlarning uchrashuvlarini tashkil etish ham maqsadga muvofiq bo'ladi, nazarimizda. Bundan tashqari, yoshlarning ijodiy fikrlashini qo'llab-quvvatlash maqsadida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” loyihasini amalga oshirishdek ezgu maqsadlar sari intilishimiz, albatta ularga etishimiz kerak.

    Xulosa o'rnida qayd etish lozimki, globallashuv va integratsiya jarayonlari rivojlanishining hozirgi bosqichida O'zbekiston Respublikasi bojxona organlari oldidagi dolzarb vazifa xalqaro qoidalar va normalarga muvofiq, bojxona nazorati va tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish bo'yicha xalqaro standartlardan samarali foydalanish, mamlakatimizning xalqaro etkazib berish zanjirida raqobatlashish imkoniyatlarini ta'minlashdan iborat. Ushbu maqsadlarga eng avvalo, oliy ta'lim mazmunini sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish, xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta'limning ilg'or standartlarini joriy etish, mehnat bozorida o'z o'rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish orqaligina erishish mumkin.

    Vosid ERGASHEV,

    Davlat bojxona qo'mitasining

    Bojxona instituti boshlig'i,

    bojxona xizmati podpolkovnigi,

    professor