Bolalar ombudsmani jinsiy tutqunlikda ushlangan qiz bilan uchrashdi

    Ijtimoiy hayot 25 Dekabr 2023 694

    Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi fuqaro Н.А. tomonidan 7 oy davomida tahdid orqali jinsiy ekspluatatsiya qurboniga aylangan Ч.Т. bilan uchrashdi.

    Surayyo Rahmonova unga koʻrsatilayotgan ijtimoiy koʻmak, taʼlim shart-sharoitlari hamda emotsional-psixologik yordam holatini oʻrgandi.

    Taʼkidlanishicha, qizaloqning hozirda ahvoli ancha yaxshilanib, barqarorlashgan, psixolog tomonidan unga muntazam koʻmak koʻrsatilmoqda.

    Shuningdek, pedagoglar jalb qilingan holda bolaga maktab dasturidagi asosiy fanlardan darslar oʻtilmoqda. Jumladan, Ч.Т. ingliz tili va kompyuter savodxonligiga katta ishtiyoq koʻrsatyapti, tasviriy sanʼatga esa alohida qobiliyati bor.

    Suhbat davomida qizcha kelgusidagi rejalari bilan boʻlishdi, eng asosiy maqsadi – taʼlim olib, huquqni muhofaza qilish sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishga intilishini bildirdi.

    Bolalar ombudsmani bunday mudhish jinoyat qurboni boʻlgan bolaning har tomonlama reabilitisiyasi, oʻz tengdoshlari doirasida normal ijtimoiylashuvi va eng muhimi, taʼlim olish imkoniyatlari taʼminlanishi ustidan oʻz kuzatuvini davom ettiradi.

    Eslatib oʻtamiz, mazkur jinoyat boʻyicha JKning 135-moddasi 3-qismi a bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda Kitob tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi.