Unda ishtirok etgan shifokorlar, mahalliy va xorijiy mutaxassislar, davlat tuzilmalari, jamoat tashkilotlari vakillari bolalar onkologiyasining dolzarb muammolari va ularning yechimlarini muhokama qildi, shuningdek, aholiga gematologik, onkologik xizmatlarni koʻrsatish tizimini takomillashtirish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda onkologik kasalliklarga qarshi kurashish yoʻlida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Prezidentning 2017-yil 4-apreldagi qarori bilan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yana-da rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish Dasturi tasdiqlangan, onkologik xizmatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilangan. Koʻrilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad — onkologik kasalliklardan oʻlim holatini kamaytirish hisobiga aholi turmush sifatini yaxshilash va umr davomiyligini oshirish.
Joriy yil 27-mayda “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi esa bu borada muhim hodisa boʻldi. Hujjat gematologiya va onkologiya yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mazkur sohada aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, koʻlami va samaradorligini oshirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz taʼminlash, shifoxonalarni zamonaviy diagnostika laboratoriyalari va tibbiy texnikalar bilan jihozlash maqsadlariga qaratilgan.
Jumladan, 2022-yil 1-yanvardan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritadi; 2021-2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi boʻlimi negizida umumiy shtatlar va statsionar oʻrinlar doirasida Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlari tashkil etiladi.
Qaror bilan suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini koʻchirib oʻtkazish amaliyotini birinchi bosqichda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik esa Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida ham joriy etilishi koʻzda tutilgan.
Onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yana-da rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 2021-yilda qoʻshimcha 60 milliard soʻm hamda 2022-yildan boshlab 125 milliard soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻ ajratilishi belgilandi.
— Onkologiya — ogʻir tashxis, maʼlumotlarga koʻra, bugun u dunyodagi deyarli har oltinchi oʻlimga sabab boʻlmoqda, — deydi “Ezgu amal” jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi Munira Xodjaxanova. — Agar saratonning belgilarini oʻz vaqtida aniqlay olsak, tashxis qoʻysak va kerak vaqtda teng muolajalarni olsak, har doim umid boʻladi. Mamlakatimizda koʻp tarmoqli onkologik xizmatlarning optimallashtirilishi, ilmiy tadqiqotlar natijalarining amaliyotga joriy etilishi saraton bilan ogʻrigan bemorlarga oʻz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʻrsatishga, umuman ularning omon qolishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Tadbir onkologlar, vazirlik vakillari va xorijiy mutaxassislar oʻrtasida professional muloqot uchun oʻziga xos munozara maydoniga aylandi. Maʼruzachilar Oʻzbekistonda bolalar onkologiyasi va gematologiyasini rivojlantirishning yangi bosqichining dastlabki qadamlari haqida soʻzlab berishdi. Shuningdek, ishtirokchilar onkologik yordam tizimining yutuqlari va hal etilishi zarur boʻlgan dolzarb muammolarni, jumladan, xalqaro tajriba va saraton kasalligiga chalingan bolalarni davolash usullarini joriy etishni muhokama qildi. Mutaxassislar onkologik kasalliklar roʻyxatini yaratish muhimligini, Oʻzbekistonda bolalarning yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratish zarurligini taʼkidladi, bu — milliy tizimning xalqaro standartlarga oʻtishda muhim qadam boʻladi.
D.Rogachev nomidagi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi prezidenti Aleksandr Rumyansev Rossiya tajribasi va saraton kasallarini davolashda xalqaro standartlarni joriy etish jihatlari bilan oʻrtoqlashdi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.
Tadbir davomida xayriya onlayn marafonining dastlabki natijalari maʼlum qilindi. Demak, joriy yil 11-maydan 2-iyunga qadar bemor bolalarning tuzalishiga hissa qoʻshishni istagan insonlardan 192 909 295 soʻm kelib tushdi. Shu jumladan, Payme, Paynet, Click, Apelsin toʻlov tizimlari orqali 96 340 537 soʻm, ezguamal.org veb-sayti orqali 29 558 758 soʻm, yuridik shaxslardan maxsus hisob raqamiga 67 000 000 soʻm mablagʻ oʻtkazildi.
— “Ezgu amal” xayriya marafoni doirasida biz ijtimoiy tarmoqlarda chellenj eʼlon qildik, unga koʻplab jamoat faollari, tadbirkorlar, jurnalist va blogerlar qoʻshildi va qoʻllab-quvvatladi, — deydi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. — Bu harakatlar, oʻz navbatida, saraton kasalliklarini erta aniqlash va oʻz vaqtida davolashga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilishga, xayriya faoliyatini keng yoyishga xizmat qildi. Jumladan, onlayn marafonga “Bumerang dobra” (“Ezgulik bumerangi”) tashabbuskor guruhi hissa qoʻshdi, ularning yordamida samarqandlik 8 yashar Solih Jayaveyeraning davolanishiga 60 million 300 ming soʻm mablagʻ toʻplandi (unga 225 million soʻm mablagʻ kerak edi). “Eriell Group” kompaniyasi 50 million soʻm mablagʻ oʻtkazib berdi. Ushbu mablagʻlar 5 nafar bemor bola uchun dorilar xarid qilishga, tibbiy xizmatlar toʻloviga hamda Bolalar milliy tibbiyot markazining onkogematologiya boʻlimidagi bolalar xonasini bezatishga sarflandi. “Ezgu amal” marafoniga befarq boʻlmay, unga hissa qoʻshgan, hayot uchun, sogʻliq uchun va baxtli bolalik uchun kurashayotgan bolalarni, ota-onalarni qoʻllab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildiramiz.