YUNISEF bugun tongda 73 nafar bola va 25 nafar ayolning Suriyadan Toshkentga olib kelinishi toʻgʻrisidagi xabarni qutlaydi. Qurolli toʻqnashuvlardan jabr koʻrgan bolalar repatriatsiyasi va integratsiyasini taʼminlashdagi Oʻzbekistonning doimiy yetakchiligi hamda qatʼiyati namunalidir.

Ushbu uchinchi repatriatsiya koʻpchiligi juda yosh boʻlgan 170 dan ziyod bolalarni vatanga qaytarish va ularning reintegratsiyasini taʼminlagan 2019-yildagi ikkita muvaffaqiyatli kampaniyadan keyingisi boʻldi. Oiladagi mehr va gʻamxoʻrlikning muhim ahamiyatini inobatga olgan holda, ushbu bolalarning aksariyati endi oila aʼzolari bilan yashayaptilar.

YUNISEF oʻzining dunyo boʻylab qurolli toʻqnashuvlardan jabr koʻrgan bolalar, oilalar va jamoalarga koʻmak berish boʻyicha koʻp yillik tajribasiga tayangan holda, bolalar va ayollarni vatanga qaytarish hamda ularning oilalari va hamjamiyatlari bilan birlashtirishdagi Oʻzbekiston Hukumatining saʼy-harakatlarini birinchilar qatorida qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

YUNISEF qurolli guruhlarga aloqador yoki ular nazoratida yashagan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan bolalar va ularning onalari ahvoli bilan bogʻliq muammoni hal qilishda Oʻzbekiston Hukumatini qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu bolalarning baʼzilari ogʻir qiyinchiliklar qurboniga aylangan. Biroq tajriba, jumladan Oʻzbekiston tajribasi, bunday bolalar oʻzlarini tiklab olishga va reintegratsiyaga, taʼlimdagi boʻshliqlarni toʻldirishga hamda oʻz hamjamiyatlarining hayotiga ijobiy hissa qoʻshishga qodir ekanliklarini koʻrsatadi. Bolaning eng yaxshi manfaatlarini taʼminlash tamoyiliga muvofiq, YUNISEF Hukumatni barcha bolalarning oʻz mahalliy jamoalariga xavfsiz integratsiyasini davom ettirish va kengaytirishga, oila birligini saqlab qolishga va ularning, jumladan qonun bilan kontaktda boʻlgan bolalarning, qurolli toʻqnashuv qurbonlari maqomini saqlashga daʼvat etadi.

YUNISEF ushbu bolalar va ayollarga nisbatan xalqaro standartlar va ilgʻor tajribalar asosida munosabatda boʻlish borasidagi Hukumat saʼy-harakatlarida koʻmak berish uchun psixologik-ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va qayta integratsiya xizmatlarini taqdim etishga tayyor ekanligini bildiradi.