Xoʻsh, buning asosiy sabablari nimada? Kamqonlik bolalar salomatligi uchun qanchalik xavfli?

Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova ushbu savollarga quyidagicha javob berdi:

— Bugungi kunda ekologiyaning yomonlashuvi, kundalik isteʼmol qilinadigan mahsulotlarda kerakli vitamin va ozuqalarning yetishmasligi koʻplab kasalliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlyapti. Ulardan biri kamqonlikdir.

Bilamizki, qon tarkibida temir moddasini oʻz ichiga olgan va qonga qizil tus beruvchi murakkab oqsil – gemoglobin moddasi butun tana boʻylab kislorod tashish vazifasini bajaradi. Agar gemoglobin yetishmovchiligi kuzatilsa, organizm kislorod “ochligi”ni boshdan kechiradi. Biroq bolalar bu oʻzgarishlarni doim ham sezavermasligi mumkin.

Kamqonlik bilan ogʻrigan oʻgʻil-qizlar turli infeksion xastaliklarga chalinishga moyil boʻladi. Xususan, qon tarkibida organizmning oʻsishi uchun muhim boʻlgan oziq moddalar yetishmasligi turli kasalliklarning rivojlanishiga yoʻl ochadi. Qolaversa, bunday bolalarda kamharakatlik, vazn yetishmasligi kuzatiladi.

Shu sababli ota-onalar farzandlaridagi oʻzgarishlarga, ularning sogʻligiga doimo eʼtiborli boʻlishlari lozim.

— Bolalarda normal gemoglobin darajasi qanday?

— Bolalardagi meʼyoriy gemoglobin miqdori kattalarnikidan farq qiladi.

Oʻrtacha gemoglobin darajasini esa quyidagi raqamlarda koʻrishingiz mumkin:

G/Ldagi normal gemoglobin darajasi (litr uchun gramm) yoshga bogʻliq:

- yangi tugʻilgan chaqaloqlarda – 180 dan 240 gacha;

- 1 oydan 5 yoshgacha – 110 dan 115 gacha;

- 5 yoshdan 12 yoshgacha – 110 dan 120 gacha;

- 12 yoshdan 15 yoshgacha – 120 dan 140 gacha.

— Kamqonlikning yuzaga kelishiga qaysi omillar sabab boʻladi?

— Bolalarda ushbu kasallik turli sabablarga koʻra rivojlanadi. Masalan, yangi tugʻilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar – qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, erta tugʻilgan bolalarda ham bu xastalik koʻp kuzatiladi.

Qolaversa, har qanday yoshdagi notoʻgʻri va muvozanatsiz taomlanish anemiyaning keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi. Yaʼni, toʻgʻri ovqatlanmaslik bilan organizm yetarli miqdorda temir va uning soʻrilishi uchun zarur boʻlgan C va B12 vitaminlarni oʻzlashtira olmaydi. Natijada kamqonlik yuzaga keladi.

Bundan tashqari, toʻyib ovqatlanmaslik, vitaminga boy mahsulotlarni isteʼmol qilmaslik, muntazam qon ketishlar ham anemiyaning rivojlanishiga sabab boʻladi.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.