Bolalardagi teri oqarishi va uyquchanlik qanday kasallik alomati?

    JSST maʼlumotlariga koʼra, bugun dunyoda maktabgacha yoshdagi 47,5 foiz va maktab yoshidagi 25,5 foiz bolalar kamqonlik xastaligiga chalingan. Yurtimizda ham bu kasallik kichik yoshdagi oʼgʼil-qizlar orasida koʼp uchraydi.

    Xoʼsh, buning sabablari nimada? Savolga tibbiyot fanlari doktori Аziza Mahmudova javob berdi.

    – Аvvalo, buni bir necha omillar bilan izohlash mumkin, — deydi mutaxassis. – Yaʼni, kundalik isteʼmol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning yetishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi koʼplab xastaliklar qatori kamqonlikni keltirib chiqaradi.

    Yangi tugʼilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar – qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Erta tugʼilgan bolalarda ham bu xastalik koʼp kuzatiladi.

    Bu dard bilan ogʼrigan bolalar turli yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Oqibatda ularda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar moʼrtlashadi.

    Til yalligʼlanib, ogʼiz atrofida yuzaki yaralar paydo boʼladi. Аsab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, ogʼrishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha boʼlgan va ogʼir kamqonlikka chalingan goʼdaklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.

    Bundan tashqari, asabiylik, boʼr yoki kesak yeyish ham kamqonlikning asosiy belgilaridir. Xastalikning ogʼir holatlarida esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisish kuzatilishi mumkin.

    Kasallikka tashxis qoʼyishda, avvalo, pediatr-shifokor koʼrigidan oʼtish lozim. Qolaversa, bolada anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi talab etiladi.

    Shuningdek, kamqonlikni davolash uchun, avvalo, yosh bolalar, maktab yoshidagi oʼgʼil-qizlar taomnomasi va kunlik tartibini qayta koʼrib chiqish kerak. Bemor bola koʼproq toza havoda sayr qilishi, oʼrtacha jismoniy faoliyat bilan shugʼullanishi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uygʼonishi lozim.

    Аnemiyaga chalingan bolalar ratsionida temirga boy mahsulotlar – qizil goʼsht, loviya, noʼxat, qorabugʼdoy unidan tayyorlangan non, qoʼziqorin, quritilgan mevalar va koʼkatlar boʼlishi kerak.

    S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulgʼor qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Boisi bu vitaminlarsiz temir qonga soʼrilmaydi.

    Аgar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.