Bolalarga haligacha antibiotiklar pala-partish qoʻllanib kelinayotgani tanqid qilindi

    Prezidentimiz ushbu yigʻilish xalqimiz uchun ham, tibbiyot sohasi va uning vakillari uchun ham foydali boʻlishi kerakligini koʻrsatib oʻtdi. Shu bois, yechimini kutayotgan masalalarni ochiq-oydin gaplashib olishni taklif etdi.

    Inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini barqaror ushlab turish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda. Lekin aholi daromadining katta qismini aslida dori-darmonga sarflayotgani qayd etildi.

    «Ixtisoslashgan markazlarga soʻnggi besh yilda 7,5 trillion soʻm mablagʻ berildi. Ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Dori yetmayapti deb birorta markaz ayta oladimi?

    Mana shu mablagʻlar, uskunalar va dori-darmonlar qanday ishlatilyapti? Afsuski, uskunalarning quvvatidan bor-yoʻgʻi 25 foiz foydalanilyapti», – dedi Prezident.

    Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilgʻor diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish boʻyicha ishlamagan markaz, tuman, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarma va boʻlimlarining kelajagi yoʻqligi qayd etildi.

    Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik koʻpaygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish hamda samarali davolash boʻyicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilishi, katta-katta mablagʻ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani koʻrsatib oʻtildi.

    Prezidentimiz bu ishlarning ahvolini aniq misollar asosida tahlil qildi.

    Misol uchun, oxirgi besh yilda oshqozon kasalliklari 1,5 barobar qisqargan boʻlsada, Qashqadaryo va Navoiyda deyarli oʻzgarish boʻlmagan. Yakkabogʻda shifokorlarga boʻlgan murojaatlarning 33 foizi, Gʻuzorda 29 foizi, Koson va Mirishkorda esa 25 foizi oshqozon-ichak kasalliklari bilan bogʻliq.

    Shifokorlarimiz aholiga, ayniqsa, bolalarga haligacha antibiotiklarni pala-partish qoʻllab kelayotgani tanqid qilindi. Tumanlarga tushib, shifoxona va poliklinikadagi vrachlarga qaysi dori mumkin, qaysi biri mumkin emasligini oʻrgatish ishlari sust.

    Boshqa bir misol, buyrak kasalliklarining ulushi Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Fargʻona va Andijonda respublika koʻrsatkichidan 40-50 foizga yuqori.

    Mazkur hududlarda bu kasalliklar yillar davomida kamaymasdan kelayotgani Urologiya markazi va Nefrologiya markazi rahbariyatini xavotirga solishi, ular pastga tushib, buyrak kasalliklarining oldini olishni oʻrgatishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.