Bolalarga moʻljallangan nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari va energetiklar reklamasiga cheklovlar kuchaytiriladi

    Salomatlik 9 Yanvar 2024 668

    Mamlakatimizda maktabgacha va maktab taʼlim tizimida sogʻlom ovqatlanishni taʼminlash, bunda bolalar va yoshlar oʻrtasida semizlikni 30 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda.

    Xususan, “Aholi salomatligi —2030” milliy strategiyasi loyihasining 2024-2026-yillarga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasiga koʻra, bolalarga moʻljallangan nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlar kuchaytiriladi.

    Shuningdek, taʼlim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyogʻlar miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, taʼm va rang beruvchi qoʻshimchalar roʻyxatini tasdiqlash va ularning isteʼmolini kamaytirish koʻzda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar uchun toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy mashqlar va gigiyena qoidalari boʻyicha tavsiyalar toʻplamini yaratish moʻljallangan.