Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish Qonuni ijrosi taʼminlanmoqda(mi)?

    7 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan 16 ming nafar oʻquvchi bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovda har 10 nafar boladan 8 tasi bevosita oʻz uyidan internetga ulanishini bildirgan.

    “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Qonuni ijrosini monitoring qilish boʻyicha Bolalar ombudsmani rahbarligidagi idoralaro ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi.

    Yigʻilishda mamlakatimizda bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishning real holati hamda bu borada masʼul davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

    Qayd etilishicha, 7 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan 16 ming nafar oʻquvchi bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovda har 10 nafar boladan 8 tasi bevosita oʻz uyidan internetga ulanishini bildirgan.

    Idoralararo ishchi guruh aʼzosi AOKA Media-rejalashtirish boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Kurbanbayev taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Qonun talablari buzilgan axborotlarni bartaraf etish talabi bilan 606 ta xabarnoma yuborilgan.

    Shuningdek, mazkur yoʻnalish boʻyicha 5250 ta axborot resursning identifikatsiya maʼlumotlari taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan butunjahon Internet tarmogʻining axborot resurslari reyestriga kiritilgan.

    Yigʻilishda Qonun ijrosini taʼminlashdagi muammolar, ulrni hal qilish chora-tadbirlari hamda qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi.