Bolgariya Prezidenti Toshkentdagi Milliy mahsulotlar koʻrgazmasiga tashrif buyurdi

    Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi muhim iqtisodiy voqelikka aylanmoqda. Joriy yilda forum doirasida ilk bor tashkil etilgan Oʻzbekiston Milliy mahsulotlari koʻrgazmasi xalqaro hamjamiyat eʼtiborini tortayotgan muhim maydon boʻldi.

    Ayni paytda “Central Asian Expo Uzbekistan” majmuasida boʻlib oʻtayotgan mazkur koʻrgazmada neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa tez rivojlanayotgan sohalarda faoliyat yuritayotgan 90 dan ortiq milliy kompaniya oʻz mahsulot va xizmatlarini namoyish etmoqda.

    Koʻrgazmaga tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar qatorida Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev ham bor. Oliy martabali mehmon ushbu koʻrgazma investorlar uchun Oʻzbekistondagi imkoniyatlar haqida mukammal tasavvur hosil qilishda muhim oʻrin tutishiga urgʻu berdi.

    Taʼkidlanishicha, Bolgariya tadbirkorlari Oʻzbekistondagi loyihalarga sarmoya kiritish, qoʻshma korxonalar tashkil etish va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etishga tayyor. Shuningdek, Prezident ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish uchun zarur tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanishini qayd etdi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Bolgariya oʻrtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi oʻsmoqda, ayniqsa, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, farmatsevtika, mashinasozlik va qurilish materiallari sohalarida hamkorlik aloqalari kengaymoqda.

    Koʻrgazma doirasida Bolgariya va Oʻzbekiston kompaniyalari oʻrtasida qator ishbilarmonlik uchrashuvlari ham tashkil etilmoqda. Bu esa ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangilangan hamkorlik formatlarini joriy etishga zamin yaratadi.