Bolgariyada oʻzbekistonlik yigit choʻkayotgan qizni qutqarayotib halok boʻldi

    2025-yil 7-avgust kuni Bolgariyaning Sozopol shahridagi Kavatsite sohilida 22 yoshli Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi J.M. halok boʻldi.

    Maʼlumotlarga koʻra, yosh yigit choʻkayotgan ukrainalik qizni qutqarishga urinayotganida uning oʻzi kuchli toʻlqinlar taʼsiriga tushib qoladi va ulkan qoyatoshlarga tiqilib qolishi oqibatida halok boʻldi.

    Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi va Bolgariyadagi Faxriy konsulligi hozirda mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, qutqaruv xizmatlari hamda Bolgariya Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan marhumning jasadini chiqarish boʻyicha hamkorlikda ish olib bormoqda.

    Burgas viloyati hokimligi, Sozopol shahar hokimiyati va FVBning soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, hozirda dengizda kuchli toʻlqinlar davom etmoqda va bu qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda. Marhumning jasadini qoyatoshlar orasidan chiqarish ishlari hali ham davom etmoqda.