Boqimandalik balosi

    Fikr 30 Iyul 2020 5759

    Yashirmaymiz, boqimandalikni davolab bo'lmaydi.

    Takror aytaman, biz endi pandemiya sharoitida yashashga,

    mehnat qilishga o'rganishimiz shart. CHunki hayot davom etmoqda.

    SHavkat MIRZIYOEV

    Boshqa yo'l qolmadi. Bugun kutilmagan balo Er sharining qay bir burchagidan kelgan-kelmaganini tahlil qilish befoyda, aksincha, xalq bo'lib, el-ulus bo'lib davlat rahbari, hukumat atrofida birlashib, hamjihatlikda kurashmasak, ertaga kech bo'lishi muqarrar. Prezidentimiz raisligida o'tkazilayotgan videoselektor yig'ilishlari kun tartibidagi birinchi masala pandemiya mavzusi bo'layotgani bejiz emas. Sababi, vaziyat biz kutgan va o'ylagandan ham ko'ra jiddiyroq, hatto aytish mumkinki, ancha qaltis.

    Ammo imkoniyat boricha tegishli chora-tadbirlar ko'rilyapti. OAV, ijtimoiy tarmoqlar bir lahza tingani yo'q. e'tiborlisi, barcha telekanallar COVID-19 ga bag'ishlangan maxsus ko'rsatuvlarni namo­yish qilmoqda. Lekin biz bugun so'z yuritayotgan boqimandalik balosi ham ijtimoiy xavfliligi jihatidan pandemiyadan kam emasligi bois barchamizni har lahza hushyor torttirishi lozim.

    YAshirmaymiz, boqimandalikni davolab bo'lmaydi. O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas, deganlariyam rost. Avvallari ham bor edi shunday toifa odamlar, nima bo'lsayam davlat meni boqishi, ta'minlashi kerak, degan noma'qul da'vo ularning qon-qoniga singib ketgan. Hoy og'aynichalish, to'rt muchang soppa-sog' bo'lsa, biror kasb-hunarning boshini tutib ishla, deb ko'ring-chi, baloga qolasiz, yoqangizga yopishadi.

    O'tgan yil boshlari edi, Qashqadaryoga bordim. Omon-omon, osoyishtalik zamoni edi. SHanba Kitob tumani hokimi qabuli kuni ekan. Ijodga qiziquvchan do'stim hokimlikda ishlardi. Siz ham bir kuzating, kimlar qanday muammo-masalalar bilan murojaat etishini ko'rasiz, balki biror narsa qoralarsiz, dedi. Ro'yxatga yuz chog'li odam yozilgan ekan. Avval yoshi keksaroq, nogiron kishilarni qabulga chorlashdi. Bir chekkada kuzatib o'tiribman. Deyarli hamma tashkilot rahbarlari hoziru nozir. Birin-ketin savol-javoblar boshlandi. Yigirmatacha odamdan taxminan o'nga yaqini uy-joy masalasida, qolganlari esa salomatligini tiklash, oilaviy va mahalla holidan xabar olmayotganidan nolidi. Hokim ham avvaliga bosiqlik bilan hammani eshitdi va amaliy ko'mak ko'rsatish bo'yicha tegishli rahbarlarga topshiriqlar berdi.

    Hammasi keyin boshlandi. Bir mahal tashqarida g'ala-g'ovur kuchaydi, avval bir erkak baqirdi, keyin ayol kishining yig'isi eshitildi. “Har hafta ahvol shu, menam hassa ko'tarib kelayinmi endi, aybim sog'lom ekanimmi, boshqa problemam bor, nima, yosh bolasi bo'lsa shoxi bormi bularning, kasalmi, ana uyida yotsin...” Hayron bo'lib haligi qadrdonimga qaradim. U sekin pichirladi: “Hozir tomoshani ko'rasiz, endi kunda-shundalarga navbat kelyapti, Xudoning bergan kuni, qaerda qabul bo'lsa o'sha, besh-olti “shtatniy”lar etib boradi. Toshkentdan, biror yuqoriroq idoradan vakil kelib qolgan bo'lsa, tamom, o'zlarini shu darajada jabrlangan, qiynalgan qilib ko'rsatishadiki.... Ana, birovi keldi, eshiting-da”.

    Haligi murojaatchi avvaliga hamma bilan so'rashib chiqdi. Keyin to'rga qarab gap boshladi: “Hurmatli hokim bova, men o'tgan daf'a ham keluvdim, hal bo'lmadi, masalan, o'g'illarim onasi taraf, uyga qo'ymayapti, ikki qizim chiqib ketgan, qudalar holing ne deb so'ramaydi, oqsoqol haydab soladi idoradan, endi, o'zingiz bir bormasangiz bo'lmaydi-yov, bularingiz aldaydi”. Hokim savol berdi: “Aka, uzr, qabulimga bugun nechanchi marta kelishingiz, shuni bilasizmi?” Mahallaga ­mas'ul oqsoch kishi “o'ninchi marta”, deb izoh beruvdi, haligi arzgo'y unga qarab baqira ketdi: “Kerak bo'lsa hokimlikning oldiga yotvolaman, uyim yo'q, tushundingizmi, oqsoqolingiz yordam bermasa, xotinim bilan ajratib qo'yishmayapti, nuqul o'zining tanishlarini qo'llaydi, ana, kechayam un tarqatdi, bolalarimga berdi, menga yo'q”.

    Qabulga kelib, hali muammosini das­turxon qilishga ulgurmagan oppoq ro'molli onaxon uning gaplarini eshitib chidab turolmadi: “ellikka kirib esingiz kirmapti, ukajon, o'zingiz aytyapsiz axir, besh farzandingizning hammasi uyli-joyli ekan, qizlar birovning xasmi, ulardan nega domangir bo'lasiz, ana, uch o'g'lingiz ishlasa, o'zingiz usta ekansiz. Bir mahallani ayblaysiz, bir bolalaringizni, o'zi nima kerak sizga, odam deganam shunaqa noinsof bo'ladimi, buyam kamlik qilganday, shuncha yil birga yashagan ayolingiz bilan ajrashaman deyishga uyalmaysizmi? SHumi o'zbekchilik, suf-e!”

    Ichkarida havo etmay qoldi. Sekin chiqdim. Ortimdan haligi tanishim ergashdi. “Ha, sabringiz chidamadimi? O'lmagan bizning jonimiz, oshna. Har kuni shu ahvol, o'n kishi kelsa, yarmidan ko'pi boqimandalikka o'rganib qolgan. Hozir qarang, yuz odamni kechgacha qabul qilamiz. Albatta, xastahol, ehtiyojmand, muammosi og'ir insonlarga qo'ldan kelgunicha yordam beramiz. Bu tabiiy hol. Lekin keyingi paytda yuzimning qattig'i, jonimning huzuri deydiganlar ko'payib ketyapti. Nechtasinikiga bordik. Ishonasizmi, hayhotday hovli, kamida 15-30 sotix chiqadi, qudug'idan suv to'xtamaydi, ammo tomorqasida na bitta daraxt, na to'rtta giyoh bor. Gaplarini arava tortolmaydi, ha, meni kam ta'minlanganlar ro'yxatiga kiritishmayapti, nima emish, bolalarim ishlarmish, ikkita mashinamiz bor, to'rtta qoramol, nima bo'pti, bizga bersa davlat g'aznasi tugab qolmas endi...

    SHuning uchun qishloq va mahalla fuqarolar yig'inlari oqsoqollari, faollari orasida vijdonli, iymonli insonlar ko'paysagina, bunday tekinxo'r, faqat ber-berga o'rganganlar payi qirqilishi mumkin, aksi bo'lsa, yukini mahallaga tashlab, yotvolib yoza-yozdan bo'shamaydiganlar kamaymaydi”.

    Bu hayotiy misolni bejiz keltirmadim. Sababi, butun dunyoda pandemiya xavfi kuchayib borayotgan, jumladan, bizning mamlakatimizda ham ushbu xatarli ofatga qarshi kurash olib borilayotgan, qator muammolar o'rtaga chiqayotgan, iqtisodiy inqiroz xavfi oshayotgan bir pallada, bugungi og'ir va mashaqqatli damlarda har qanday qiyinchilikka qaramasdan, xalqimizni ijtimoiy jihatdan himoya qilish yo'lida tegishli chora-tadbirlar ko'rilayotgani xayrli ishdir.

    Lekin... xalq bir musht bo'lib birikib, hamjihatlikda ko'rinmas yovga qarshi kurash olib borayotgan g'animat damlarda, ishoning, yozish tugul, aytishga tili bormaydi odamning, koronavirus balosini engish uchun suv va havodek zarur bo'lgan vositalar — dori-darmon, tibbiy jihoz va boshqa zaruratlar uchun ajratilgan mablag'larni talon-taroj qilganlarga nisbatan 10 ta jinoyat ishi qo'zg'atilgani haqidagi ko'ngilsiz ma'lumotni o'tgan haftada o'tkazilgan brifingda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot SHamsiddinov keltirganida etlari junjikib ketadi aqli butun kishining. Bizga nima bo'lyapti o'zi, nega shuncha qirg'inbarot, talotumlarni mardona engib o'tgan millat odamzot to'kin, farovon, tinchgina hayot kechirayotgan davrga kelib nafsini jilovlay olmayapti?

    Har qancha alamli bo'lmasin, quyidagi dalil va raqamlarga bir nazar tashlaylik: Buxoro viloyati sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari 395 million so'mlik 15 tonna gipoxlorid kal`tsiy dezinfektsiya vositasini 600 million so'mga sotib olib, 205 million so'm byudjet mablag'ini talon-taroj qilgan. YOki bo'lmasa, Navoiy viloyatida xuddi shu markazning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi hisobidan ajratilgan mablag'lardan 509 million so'mlik tovar moddiy boyliklarni maqsadsiz sarflab yuborgan. Tergov jarayonida markaz bosh vrachi va ombor mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo'llanilgan...

    YOki boshqa bir ro'yxatdagi sharmandali holatni qarang: Qashqadaryoda 917,8 million so'm, Parkent tumanida 397,6 million so'm, Namanganda 248,9 million so'm, Navoiyda 222,3 million so'm, Buxoroda 204,6 million so'm, Andijonda esa 159,3 million so'm talon-taroj qilingan! Dono xalqimizning o'g'ri bo'l, muttaham bo'l, insof bilan bo'l-da, degan istehzoli iborasi qachonlar paydo bo'lgani noma'lum. Xo'sh, endi, mamlakat boshiga musibat tushib turgan eng qaltis onlarda ulusning nonini tuya qilib yurgan kalamushsifat amaldorlarni kim deb ataymiz?

    To'g'ri, ularga qonun doirasida chorayam ko'rilar, keltirilgan zararni (bu raqamlar ortida hazilakam davlat mablag'i yotgani yo'q) qappayib qolgan cho'ntaklaridan to'lar ham deylik. ertaga-chi, hozirgi tojsimon virus degani chekinar, lekin bu muttahamlar el-ulus o'rtasida qanday bosh ko'tarib yurarkin? YUzlab qurbonlarning o'limida o'zlarini aybdor deb hisoblarmikin? Bunday kaslarni to'dasi bilan televidenie orqali elga ko'rsatish kerak emasmi? Matbuotda nomma-nom e'lon qilish zarur! Albatta, tergov-surishtiruv tugagach, sud hukm o'qigandan so'ng!

    Bu tanganing bir tarafi. Ikkinchi tomoni yanada ayanchli. Maqolamiz mavzusini bejiz boqimandalikka bog'lamayapmiz. Boisi, qariyb besh oylik ma'naviy va iqtisodiy sinovlar odamlarni g'alvirdan o'tkazyapti. Ayniqsa, mahalla-ko'ydagi haqiqiy insonparvarlik yordamiga muhtojlar va xo'jako'rsinga, oqsoqolning “temir daftar”i ro'yxatiga tirkaluvchi doimiy tanishlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda bejiz bong urilmayapti. To'g'ri, “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi pandemiya sharoitida aholining ehtiyojmand qatlami vakillarini xayriya mablag'lari hisobidan qo'llab-quvvatlashga baholi qudrat harakat qilayotganini hech kim inkor qilolmaydi. Bu mablag'lar “Mahalla” fondi Vasiylik kengashi, Qoraqalpog'is­ton Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shahar kengashlarining tasdiqlangan qaror va ro'yxatlari asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko'p farzand­li oilalar, nogironligi bo'lgan, yolg'iz yashovchi, shuningdek, vaqtincha ishsiz fuqarolarni pul mablag'lari, kundalik iste'mol tovarlari, dori vositalari hamda boshqa turdagi zarur mahsulotlar bilan ta'minlash uchun sarflanyapti. Bu Xudoga ham, bandasiga ham ayon.

    YAna savol tug'iladi: xo'sh, maxsus qarorlarga ko'ra ehtiyojmandlik maqomiga loyiq deb ko'rilgan oilalar ro'yxati qanday shakllantirilyapti? Bu jiddiy masala. CHunki bizda QFY yoki MFY degan tuzilma o'z hududida yashovchi aholi haqida to'liq ma'lumot-tasavvurga ega, degan noto'g'ri qarash shakllanib qolgan. Lekin bir haqiqatni ochiq tan olish kerak, soni o'n mingni qoralab borayotgan mahalla institutiga keyingi bir-ikki yil ichida juda katta imkoniyatlar yaratishga harakat qilinayotgan bir paytda ushbu tizimga mas'ullarning sa'y-harakatlari hozircha o'zini oqlayaptimi-yo'qmi, degan hayotiy savol ko'pchilikni o'ylantiryapti. Avvalo, mahalla raislari maqomi masalasi chuqur monitoring qilinishi zarur. Kadrlar zaxirasi shakllantirilishida shaxsning ma'lumoti oliyligidan ko'ra uning insoniyligi, jamoatchilik o'rtasidagi nufuzi alohida e'tiborga olinishi lozim, deb hisoblaymiz. Negaki, aksariyat oqsoqollar hali-hanuz ibtidoiy boshqaruv usuli, ya'ni mahalliy hokimiyat changalidan qutulib, erkin faoliyat yuritolmas ekan, tizimda ishlar ilgari siljimaydi.

    Asl manzara bunday: ro'yxatga kiritilgan biror oilaga ijtimoiy yordam shakllaridan biri bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi hisob raqamlariga kelib tushgan mablag'lardan fuqaroning nomiga ochilgan bank kartasiga muayyan miqdorda mablag' o'tkazib beriladi. Juda oqilona yo'l, deb o'ylardim men ham. Ammo shu yil bahor o'rtalarida qo'shni mahalla raisining quyidagi so'zlarini eshitgach, fikrim o'zgardi: “Aka, bezor bo'ldim buyruqboz­likdan. Masalan, biz komissiya ishtirokida ko'rib chiqib, o'rganib, qat'iy tartibda hokimlikka ehtiyojmand oilalar ro'yxatini taqdim etamiz. Qizig'i, shunday odamlar ham borki, ular o'ziga to'q, hammasi ishli, qo'shsha-qo'shsha mashina, uylarigacha bor, lekin azaldan mahalla yo hokimlikka qari ota-onasini etaklab borib, hech kimimiz yo'q deb ro'yxatlarga ham kirib olishgan. YOki yana bir toifa bor, to'g'ri hokimlikka shikoyat ko'tarib boradi, bahonalari mingta, ular nima qiladi, oppa-oson qutula qolaylik, deydi-da, iltimos, shungayam yordam bervoring”, deydi. e'tiroz bildirsangiz, tamom, muammodan boshingiz chiqmaydi. YAxshisi, och qulog'im, tinch qulog'im deymiz-da”.

    Ajabo, ko'ngilni xira qilguvchi bunday voqealarni ko'rib, kuzatib yoqasini tutadi odam. Nega dengda, ba'zan yonginamizda shunday hokisor, sodda, biror mahkama yoki portalning manzili, telefonini ham bilmaydigan kishilar ham borki, aslida shundaylarni izlab, topib, qo'limizdan kelsa ko'mak bersak osmon uzilib erga tushmaydi. YAqinda Qibray tumanidan tahririyatga yozilgan bir xatni o'qib, ochig'i, muzlab ketdim. Hali ellikkayam bormagan mushtipar ayol ming bir istihola bilan xat yozibdi: “Turmush o'rtog'im uch yil burun to'satdan yurak xastaligi tufayli qazo qildi. U kishining ismi-sharifini aytolmayman, sababi, ko'pchilik tanirdi, vazirlik va bir qancha nufuzli idoralarda ishlagandi. YOlg'iz o'g'lim bilan og'ir ahvolga tushib qolganimizdan keyin Toshkentdagi ­uyimizni sotib, Qibraydagi ko'p qavatli uydan bir xonali xonadon olib ko'chib o'tdik. O'zim bog'chada tarbiyachi edim, shaharga qatnash qi­yinligi bois bo'shashimdan avval malaka oshirish institutida o'qib, maxsus sertifikat ham oldim. Avval uyimga yaqin atrofdan ish qidirdim. Hammasi va'da berishdan nariga o'tmadi. O'g'lim kontrakt asosida institutda tahsil oladi, sportchi, O'zbekiston chempioni. Ro'zg'or tebratish og'irlasha boshlagach, o'qishini sirtqiga o'tqazib, qurilishga ishga kirdi. Oylik maoshiyam o'rtacha, ustiga ustak kontrakt puli, kommunal to'lovlar qiynab qo'ydi. Ba'zan o'g'limga sezdirmay, oshxonalarda idish-tovoq yuvib yurdim. U ham otasiga o'xshab polvonligi bois biror marta nolimadi, yigitlik g'ururi yo'l qo'ymadi shekilli, biror joyga yordam so'ra borishdan or qildi. Onajon, ish topilsa topilar, bo'lmasa hech kimga yalinmang, Xudo­yim o'zi mehribon, deb meni yupatardi. Ikki yildan beri otangga bor, onangga bor, deyishlaridan charchadim. Oxiri kam ta'minlanganligimiz, bilaman, o'zim yashayotgan MFYda rasman qayd etilmagani aniq, hech bo'lmasa yolg'iz onaligimni inobatga olib, o'g'limning kontrakt pulini to'lashga amaliy yordam berishlarini so'rab, viloyat hokimi nomiga yozma ravishda murojaat jo'natdim. YOlg'on bo'lmasin, shundan keyin bir-ikki idoradan shikoyatingizni o'rganyapmiz, albatta ko'mak beriladi, degan mazmundagi qo'ng'iroqlar bo'ldi. Lekin hozirgacha biror mas'ul tashkilot vakili yoki rahbar kelib so'ragani yo'q.

    Nihoyat bahorda koronavirus balosi oqibatida karantin boshlanib ketdi. Ona-bola uyda qoldik. O'g'lim ham ishidan ayrildi. SHu bois, ba'zan dasturxonni o'ylagan paytlarimiz ham bo'lyapti. Xayriyatki, savobtalab odamlar baholi qudrat ko'mak berib turibdi. Ammo o'zim yashayotgan tuman hokimligida ishsiz ekanligim haqidagi arizam bo'laturib, pandemiya davrida hech kim bizga holing ne, qanday yordam kerak, deb biror marta so'rab kelgani yo'q. endi kimdan najot kutaylik? Bu yozganlarimni shikoyat yoki nolish, noshukrlik deb qabul qilmang, nasib etsa bu sinovli kunlar ham o'tib ketar, muhimi, sog'-omonmiz-ku! Faqat iltimos, murojaat qilganimni o'g'lim bilmasin, xafa bo'ladi”...

    e'tibor beryapsizmi, yolg'iz onaizor boshidan kechayotgan shuncha qiyinchilik­larga qaramasdan, ko'nglidagi alamli iztiroblarni yo'llayotib ham endigina katta hayot ostonasidan hatlayotgan o'g'lining oriyatini o'ylab, “murojaat qilganimni u bilmasin”, deya qimtinib, istiholaga borayotganining o'zi har tomonlama ta'minlangan, to'kis, ro'zg'ori but yashayotgan bo'lsa ham mahalla fuqarolar yig'inlari yoki “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi vakillarini goh telefon orqali, goho yuzma-yuz bezovta qilishdan uyalmayotgan, kerak bo'lsa davlat boqsin-da bizni, deya malomat toshini otib, boqimandalikni kasbga aylantirib olganlar uchun achchiq saboq emasmi? To'g'risi, sizu bizning chin ma'noda ham moddiy, ham ma'naviy ko'magimizga muhtoj bo'lmish yolg'izgina ayolning aniq manzili va ismi-sharifini atayin yozmadim. Negaki, ushbu xat egasi taqdiri bilan tegishli idora va mas'ullar shug'ullanishyapti, umid qilamizki, bu masala xayrli nihoya topajak.

    SHu o'rinda tan olish kerak, bizdagi mahalla instituti tajribalari butun dunyo miqyosida katta qiziqish bilan o'rganilyapti. Bu kabi milliy, o'ziga xos qadim qadriyatlar ruhi singdirilgan tizim manaman degan rivojlangan davlatlarda ham yo'qligi rost. Oddiy misol, qo'ni-qo'shnichilik munosabatlari, oilaviy bordi-keldilar, xayr-saxovat bobidagi o'lmas udumlar, xullas, havas qilsa arzigulik an'analarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Aynan xalqimizning shu kabi beqiyos odamiylik fazilatlari pandemiya sharoitida ham o'zini to'la to'kis oqlayotganiga shubhamiz yo'q. Faqat jamoatchilik nazorati bunday payt­da bor bo'yi bilan ko'rinishini hayotning o'zi taqozo etayotir.

    Norqobil JALILOV,

    O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist