Mazkur qaror bilan tabiatni muhofaza qilish davlat muassasasi shaklida Qoʻngʻirot tumanida umumiy maydoni 280 000 gektar boʻlgan “Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasini tashkil etish belgilandi.
Shuningdek, qoʻriqxonaga ajratiladigan yer uchastkalari va qoʻriqlanma zonalarining maydoni, ijro etuvchi apparatining tuzilmasi tasdiqlandi.
Qarorga koʻra, “Borsakelmas” davlat buyurtma qoʻriqxonasi Davlat ekologiya qoʻmitasi tuzilmasiga kiradi.
Buyurtma qoʻriqxonasi faoliyatini moliyalashtirish 2022-yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga, 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti mablagʻlari, Davlat ekologiya qoʻmitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Hujjat bilan buyurtma qoʻriqxonasi hududida tabiiy majmualar va landshaftlar, shu jumladan, noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan oʻsimlik va hayvon turlari muhofazaga olinadigan asosiy obyektlar hisoblanishi, buyurtma qoʻriqxonasi qoʻriqlanma zonasidagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qolishi belgilandi.