“Falon hududda Qizil kitobga kiritilgan ayiq otib o'ldirildi”, “Qizil kitobga kiritilgan qushni sotmoqchi bo'lganlar ushlandi”, “Tadbirkor Qizil kitobga kiritilgan o'simlikni kesib tashlab, tabiatga falon so'mlik zarar etkazdi”, “Ikki bosh kamyob bug'u temir simdan yasalgan qopqon orqali ovlanib, nobud qilindi...” Bular to'qima gaplar yoki olisdagi qaysidir mamlakatda ro'y bergan voqealar emas — hammasi o'zimizning yurtimizda sodir bo'lgan va rasman tasdiqlangan, internetda, televizorda e'lon qilingan xabarlardan ayrimlari.
To'g'ri, odamlar bir xil emas, inson omili degan tushuncha bor, shuning oqibatida tabiatga ziyon etkazish holatlari barcha davlatlarda kuzatiladi, deyishingiz mumkin. Lekin O'zbekistonda Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlash, noyob turdagi o'simlik va daraxtlarni kesib tashlash oxirgi vaqtlarda sezilarli ko'paygan.
Yo'q bo'lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi o'simlik va hayvonot turlari, ekotizimlar va landshaftlarni saqlab qolish uchun nima qilish kerak? Buning eng samarali yo'llaridan biri bu — “muhofaza etiladigan tabiiy hududlar” tashkil qilishdir.
Bu borada Prezident va xukumat rahbarlarining sohaga alohida e'tibori tufayli keyingi yillarda katta ishlar amalga oshirildi. Oxirgi 5 yilda sohaga oid 2 ta Prezident qarori, 14 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
2016 yilda bioxilma-xillik bilan bog'liq bo'lgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 2,011 mln gektarni yoki mamlakatimiz hududining 4,64 foizini tashkil qilgan edi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “2019-2028 yillar davrida O'zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qarorida 2028 yil yakuniga qadar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini mamlakat hududining 12 foiziga etkazish nazarda tutilgan edi.
2019 yilda Xorazm milliy tabiat bog'i, 2020 yilda “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog'i, 2021 yil “Sudoch`e-Akpetki” davlat buyurtma qo'riqxonasi, 2022 yilda “Oqtog'-Tomdi” davlat qo'riqxonasi, “Markaziy Qizilqum”, “Yuqori to'palang”, “Bobotog'”, “Pop”, “Orolqum”, “Omonqo'ton” milliy tabiat bog'lari, “Borsakelmas” davlat buyurtma qo'riqxonalari tashkil etildi.
2023 yilning 1 yanvar` holatiga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,321 mln gektarga etkazildi va ularning mamlakatimiz hududidagi ulushi 14,08 foizni tashkil qildi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish va shu orqali O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan o'simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish maqsadida Samarqand viloyatida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bog'i hududini 2 ming gektarga, Jizzax viloyatidagi Nurota davlat qo'riqxonasini 4 ming gektarga, Surxondaryo viloyatidagi Surxon davlat qo'riqxonasi hududini 5 ming gektarga (umumiy 11 ming gektar) kengaytirish bo'yicha tashkiliy ishlar boshlab yuborildi.
Xususan, Zarafshon milliy tabiat bog'i, Surxon va Nurota davlat qo'riqxonasi hududlarini kengaytirish bo'yicha joyiga chiqqan holda o'rganish ishlari amalga oshirilib, kengaytirilishi rejalashtirilgan hududlarning birlamchi xaritalari tayyorlandi. Hozirda ularning maydonini kengaytirish bo'yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.
2024 yilda Farg'ona vodiysida (Farg'ona, Andijon, Namangan viloyatlari) umumiy maydoni 100 ming gektardan iborat yangi tabiat bog'i tashkil etiladi.
Natijada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning maydoni 6,432 ming gektar yoki mamlakatimiz hududiga nisbatan 14,3 foizga etkaziladi.
Hozir mamlakatimizda 7 ta davlat qo'riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo'riqxonasi, 12 ta tabiat bog'i, 1 ta milliy bog', 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qo'riqxonasi, 1 ta Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi mavjud. Mazkur hududlarda O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan umurtqali hayvonlarning 102 turi (83 foizi), o'simliklarning 280 turi (89 foizi) uchraydi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasi rivojlantirilib borilmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Global ekologiya jamg'armasi hamda O'zbekiston hukumati bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ma'muriy binolarning bir qismi ta'mirlandi, CHotqol biosfera va Hisor davlat qo'riqxonalarida tashrif markazlari tashkil etildi.
Zomin davlat qo'riqxonasi uchun yangi ma'muriy bino va inspektorlar uyi (kordon) qurildi, Nurota, Surxon davlat qo'riqxonalarining ma'muriy binolari kapital ta'mirlandi va 6 dona kordon yangidan qurildi, Qizilqum davlat qo'riqxonasiga inspektorlar uyi sifatida foydalanish uchun 2 dona konteyner olib berildi. Hisor davlat qo'riqxonasida 4 dona kordon uylar to'liq ta'mirlandi.
Halqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida Chotqol biosfera va Hisor davlat qo'riqxonalari, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo'riqxonasi va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog'i faoliyatiga SMART patrul qo'riqlash tizimi tatbiq etildi. 500 dan ortiq demarkatsiya belgilari, fotoapparat, optik kuzatish vositalari, fotoqopqonlar va boshqa asbob-uskunalar bilan ta'minlandi.
2023 yilga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar moddiy-texnik bazasini yaxshilash, nazorat va bioxilma-xillik monitoringini hamda ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish maqsadida davlat byudjetidan 19 mlrd so'm mablag' ajratildi. Bu mablag'larga yo'ltanlamas avtomobillar, zamonaviy dron, fotoqopqon, fotokamera, durbin, portativ meteostantsiyalar, komp`yuter, printer, yotoqqop, palatka va boshqa asbob-anjomlarni xarid qilish ishlari tashkillashtirilmoqda.
Bundan tashqari, 2024-2025 yillar davomida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni qo'llagan holda monitoring ishlarini tashkillashtirish maqsadida yiliga 25 mlrd so'm ajratib borilishi nazarda tutilgan.
Vazirlik bu sohada halqaro yo'nalishda ham qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Qozog'iston, Turkmaniston va Tojikiston bilan transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil bilan bog'liq masalalar ko'rib chiqilmoqda.
2016 yilda Chotqol davlat biosfera qo'riqxonasi (Maydontol uchastkasi) va Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervatining qo'riqxona zonasi (Boshqizilsoy uchastkasi) YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritildi.
2023 yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo'lib o'tgan YUNESKO Umumjahon merosi qo'mitasining 45-kengaytirilgan yig'ilishida O'zbekiston Respublikasi tomonidan “Saygachiy” majmua buyurtma qo'riqxonasi va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog'i “Mo''tadil mintaqadagi Turon cho'llari” Umumjahon tabiiy merosi ob'ektlari ro'yxatiga kiritildi.
2021 yilda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YUNESKOning Butunjaxon biosfera rezervatlari tarmog'i ro'yxatiga kiritildi.
Quyimozor va To'dako'l suv omborlari (2020 yilda), Sudoch`e ko'llar tizimi (2023 yilda) O'zbekiston Respublikasining halqaro ahamiyatga ega suv-botqoqlik hududi sifatida Ramsar Konventsiyasining Ro'yxatiga kiritildi.
Qozog'iston, Turkmaniston va Tojikiston bilan transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil bilan bog'liq masalalar ko'rib chiqilmoqda. Surxon davlat qo'riqxonasi joylashgan hududlarni Kuhitang tog'i ekotizimlari sifatida Turkmaniston bilan birgalikda YUNESKOning Umumjahon tabiiy merosi ro'yxatiga kiritish uchun nomzodnoma tayyorlanmoqda.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston faunasida umurtqali hayvonlarning 715 turi, umurtqasiz hayvonlarning esa 14900 dan ortiq turi bor. Shulardan O'zbekiston Qizil kitobiga 206 tur hayvonot dunyosi kiritilgan. SHundan umurtqasizlar 83 turni, umurtqalilar 123 turni (baliqlar – 18 tur, sudralib yuruvchilar – 21 tur, qushlar – 52 tur, sut emizuvchilar – 32 tur) tashkil qiladi.
Mamlakatimiz o'simlik dunyosi 11000 tur o'simlik, zamburug' va suv o'tlaridan iborat. Shundan 4300 turga yaqini yuksak yovvoyi o'simliklar, ularning 8% endemik turlardir. Bularning 314 turi O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.