Bortida 150 nafar yoʻlovchi va 5 nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan samolyot aerodromdan 12 km radiusda radarlardan gʻoyib boʻldi

    Qidiruv-qutqaruv ishlariga Qarshi aeroportining 80 nafar xodimi va 7 birlik maxsus texnikasi jalb etildi.

    Qarshi shahrida parvozlarni qidiruv-qutqaruv qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi, deya xabar beradi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

    Tadbir rejasiga koʻra, qoʻnishdan oldingi manyovr vaqtida bortida 150 nafar yoʻlovchi va 5 nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan samolyot signal berishni toʻxtatgan va aerodromdan 12 km radiusda radarlardan gʻoyib boʻlgan.

    Tasdiqlangan rejada nazarda tutilgan kuch va vositalar belgilangan tartibda favqulodda vaziyat joyini qidirish va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun yuboriladi.

    Tadbir doirasida qutqaruv otryadlarining shayligi, yongʻinni oʻchirish, odamlarni evakuatsiya qilish va zarur tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish, tibbiyot muassasalariga yetkazishda muvofiqlashtirish amaliyoti oʻtkazildi.

    Mashgʻulotlarga jami 150 nafarga yaqin xodim va idoralararo tuzilmalarning 22 birlik maxsus texnikasi, jumladan, Qarshi aeroportining 80 nafar xodimi va 7 birlik maxsus texnikasi jalb etildi.

    «Bunday aviatsiya hodisalariga amaliy tayyorgarlik koʻrish va xodimlarni avariya-qutqaruv ishlariga tayyorlashni takomillashtirish havo transporti xavfsizligini taʼminlashdagi muhim vazifalardan biridir, chunki aeroportning yer usti xizmatlari va favqulodda vaziyatlar xizmatlarining oʻz vaqtida va malakali harakatlari favqulodda vaziyatlar oqibatlarini kamaytirish va insonlar hayotini saqlab qolishga bevosita taʼsir qiladi. Bunday tadbirlar mamlakatimizning barcha aeroportlarida oʻtkazilmoqda», — deyiladi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabarida.

    Oʻquv tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarni baholash va idoralararo hamkorlikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi va harakatlar batafsil tahlil qilindi. Natijada Qarshi aeroportining kuch va vositalari, jalb etilgan xizmatlar harakatlari yuqori baholandi va haqiqiy favqulodda vaziyatda tezkor harakat qilishga toʻliq tayyor ekanligi eʼtirof etildi.