Mamlakatimiz konsullik vakolatxonasidan olingan maʼlumotga ko‘ra, vatandoshimiz B.M. saraton kasalligiga chalinib, ahvoli og‘irlashib qolgani sababli ish o‘rnini yo‘qotgan, tibbiy muolajalar olish maqsadida barcha mablag‘ini sarflab qo‘ygan. Shu bois u Bosh konsulxonaga murojaat qilib, Vatanga qaytish yuzasidan ko‘mak so‘ragan.
Konsulxona xodimlarining BAAda faoliyat yuritayotgan xalqaro xayriya tashkilotlari va «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi vakolatxonasi bilan olib borgan muzokaralari natijasi o‘laroq, yurtdoshimiz Vatanga qaytarildi. Uning O‘zbekistonga qaytishi uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, “Dubay-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha bepul avia chipta bilan taʼminlandi. Yurtdoshimiz kecha O‘zbekistonga uchib keldi.