Hozirgi kunda iqtisodiyot va tashqi savdo faoliyatni rivojlantirish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekistonlik tadbirkorlarni tashqi savdoga faol jalb qilish bilan birga, jinoyatchilar tomonidan turli xil firibgarlik harakatlarning xavfi, shuningdek fuqarolar tomonidan pochta manzillarini buzib kirish hamda ularning mablagʻlarini oʻzlashtirish bilan bogʻliq murojaatlari ortib bormoqda.
Xususan, ikki oʻzaro hamkor insofli kompaniya oʻrtasidagi savdo aloqalari doirasida jinoyatchilar tovar yetkazib beruvchining elektron pochtasini buzib kirib, oʻzaro yozishmalarni qoʻlga kiritgan holda soxta hujjatlar orqali yetkaziladigan tovar uchun toʻlovni amalga oshirish toʻgʻrisida xaridor yoki moliyaviy tashkilotning manziliga xat yuborganligi holatlari aniqlangan.
Ushbu holatlarda, yetkazib beruvchi kompaniya bir mamlakatda, soxta maʼlumotlar yoʻnaltirilgan kompaniya rekvizitlari boshqa mamlakatga tegishli boʻlgan.
Oʻgʻirlangan mablagʻlarning keyingi harakatlarini oʻrganilganda, qoʻlga kiritilgan pullar ikkinchi mamlakatda vaqtincha yashovchi shaxs tomonidan naqdlashtirilgan va uchinchi mamlakatga olib chiqib ketilgan.
Shu sababli, biz Sizni chet el kompaniyalari yoki ishlab chiqaruvchilari bilan oʻzaro savdo hamkorligini amalga oshirishda hushyor boʻlishga, ochiq manbalar, ular toʻgʻrisida yozilgan sharhlar orqali tadbirkorlarning halolligini oʻrganishga hamda nomaʼlum va shubhali manzillardan kelgan xabarlar va havolalarni (ssыlka) ochmaslikka chaqiramiz.
Axborot xavfsizligini taʼminlashda litsenziyalangan dasturiy taʼminot vositalaridan foydalanish, shaxsiy pochta, mobil hamda kompyuter qurilmalariga kirishda ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalanish, shuningdek muqobil aloqa kanallari orqali xorijiy sheriklar bilan tuzilgan shartnomalarning ishonchliligini qayta tekshirish orqali jinoyatchilar tomonidan mablagʻlaringizni oʻgʻirlash xavfini sezilarli darajada kamaytirasiz, deyiladi xabarda.