Bosh prokuratura Toshkent viloyatidagi bogʻcha bolalarining zaharlanishi bilan bogʻliq jinoyat ishini nazoratga oldi

    Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzildi.

    Shu yilning 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqoʻrgʻon tumanlarida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlari boʻyicha xabar bergan edik.

    Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini koʻrsatuvchi xususiy korxonalar masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    «Tergov ishi sinchkovlik bilan, toʻla va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi hamda Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzildi«, — deya xabar berdi Bosh prokuratura axborot xizmati.

    Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etildi.

    Hozir tibbiy yordam koʻrsatilgan bolalar orasida ogʻir va oʻta ogʻir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning toʻliq nazoratida.

    Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga autsorsing shartnomasi asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berilishi ahvoli yuzasidan oʻrganish ishlari tashkil etildi.

    Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, uning yakuni boʻyicha ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka qoʻshimcha axborot taqdim etiladi.