O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov, Toshkent viloyati hokimi Z. Mirzayev, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Pskem GES qurilish obyektidagi qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Investitsiyaviy loyiha asosida barpo etilayotgan Pskem GES yirik obyektlardan biri bo‘lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km masofada, Chorvoq suv omboridan 45 km tepada joylashgan.
Pskem GESning loyihaviy quvvati 400 MVt ni tashkil etib, kattaligi bo‘yicha Chorvoq GESdan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Pskem GES yiliga 950 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.

GES qurilishining joriy 2-bosqichida (2022-2026 yy.) ham qurilish ishlari yuqori surʼatlarda olib borilmoqda.
Aytish joizki, investitsiyaviy loyihalar asosida quriladigan yangi GESlar elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarining yanada ortishiga, xalqimiz xonadonlarining yanada yorug‘ va obod bo‘lishi, hududlar infrastrukturasi va iqtisodiyoti rivojlanishiga muhim zamin yaratadi.
