So'nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan  farmon va qarorlarning hayotga tatbiq etilishi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarining kuchayishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, soliq sohasida islohotlarning amalga oshirilishi, soliq yukining kamayishi va pandemiya davrida kichik biznesning qo'llab quvatlanishi adolatli raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.

Navoiy viloyatidagi O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonalari ham ana shu yo'nalishda ish yuritib, Prezidentimizning 2019-yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga binoan, soha rivojiga xalaqit berayotgan muammoli masalalarni ko'rib chiqish va mavjud byurokratik to'siqlarni bartaraf etish bo'yicha tizimli ishlarni olib boryapti. Qabulxona tizimida “business.gov.uz” yagona interaktiv portalining ishga tushirilishi esa tadbikorlar murojaatlarini elektron tizim orqali tezkorlik bilan ko'rib chiqish imkoniyatini beryapti.

Joriy yilning 1-aprel holatiga Navoiy viloyati va tuman (shahar) qabulxonalariga 1877 ta masala bo'yicha 1715 ta murojaat kelib tushgan. Ular sohalar kesimida tahlil etilganda, 570 tasi (30,3 foizi) bankdan kredit olish, 195 tasi (10,4 foizi) er uchastkalari ajratilishi, 68 tasi (3,6 foizi) soliq, 62 tasi (3,3 foizi) infratuzilma tarmoqlariga ulanish, 48 tasi (2,6 foizi) tegishli ruxsatnoma va litsenziya olish, 943 tasi (50,2 foizi) boshqa masalalarga doir ekanligi aniqlandi.

Ahamiyatli tomoni, 4 oy ichida qabulxonalarga kelib tushgan 1350 ta (72 foiz) masala ijobiy qanoatlantirildi. 505 ta (26,9 foiz) masalaning echimi bo'yicha tushuntirishlar berilib, 22 ta masala asosli bo'lmaganligi sababli rad etildi.

Qabulxonalarga tadbirkorlik subektlaridan kelib tushgan murojaatlar alohida nazoratga olinib, tegishli mas'ullarni jalb qilgan holda, qisqa muddatlarda hal etib kelinmoqda. Jumladan, Uchquduq tumanidagi “Uz-Dom-Stroy” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari Umid Keldiyorovning qabulxonaga murojaatidan so'ng “Abay” mahallasi hududida qurilayotgan ko'p qavatli turar joy kompleksi issiqlik manbaiga ulab berildi.

Nurota tumanidagi “Nurota bo`rdoqilab boqish” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari Zafar Toshnazarovning arizasidan so'ng chorvachilikni tashkil etish loyihasi uchun “Turon bank” aktsionerlik tijorat banki Navoiy viloyat filiali tomonidan 2 milliard so'm kredit mablag'lari ajratildi.

SHuningdek, Zarafshon shahridagi “Zarafshon oyna” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari Viktor Liyanning murojaati ijrosini ta'minlash maqsadida korxonaga float-shisha ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari” aktsionerlik jamiyati tomonidan elektr uzatish tarmoqlarini tortish ishlari boshlab yuborildi.

Yana bir misol, Tomdi tumanidagi “Golden kvars” ma'suliyati cheklangan jamiyati rahbari Azizbek Isoqulovga “Djeroy” kvarts konining “SHarqiy” uchastkasidagi kvarts qumi zaxiralarining bir qismida qazish ishlarini olib borish huquqini beruvchi litsenziya masalasi ijobiy hal etildi.

Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, hunarmandchilik, yoshlar va ayollar bandligini ta'minlash dasturlari doirasida 130 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga o'z biznesini boshlashi uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit, 111 ta tadbirkorga er ajratish, 56 ta tadbirkorning soliq to'lovlarini engillatish, 28 nafar tadbirkorga litsenziya va ruxsatnomalar olish, 35 nafar tadbirkorning infratuzilma tarmoqlariga ulanishi va 750 ga yaqin boshqa masaladagi murojaatlari ijobiy hal etildi. Buning natijasida qariyb 300 ga yaqin yangi ish o'rinlari yaratilishiga erishildi.

Albatta, barcha murojaat muallifi birdek haq bo'lavermaydi: kimdir bilmasdan yoki adashib, masalaning tub mohiyatiga etmasdan, hatto, noto'g'ri ma'lumotlar bilan ham u yoki bu idoraga arz qiladi.

Biroq murojaat qiluvchi buni o'z vaqtida anglab etishi va tan olishi uchun masalaga aloqador mutasaddi xodim xushmuomalalik bilan amaldagi qonunchilik talablarini to'g'ri tushuntira olsa, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan takroriy arizalar yoki yuqori idoralarga shikoyatlarni oldi olingan bo'lar edik.

Shundan kelib chiqqan holda, tadbirkorlar murojaatiga aloqador bo'lgan har bir mansabdor shaxs masalaning echimi bo'yicha qo'l ostidagi xodimlarida ta'sirchan nazorat o'rnatish bo'yicha shaxsiy javobgarligini kuchaytirishlari maqsadga muvofiq bo'ladi. Albatta, bu borada qabulxona xodimlari ham o'ziga tegishli xulosalari chiqarib, hamkor tashkilotlar va sektor rahbarlari bilan birgalikda amaliy ishlarni izchil va manzilli davom ettirmoqda.

Joriy yil 1-iyundan  aholi va tadbirkorlar uchun bir qator ovoragarchiliklarga barham beradigan yangi tartib ishga tushganligi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Chunki,  Prezidentimizning 2021-yil 23- martdagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to'siqlarni qisqartirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni bilan 460 dan ortiq qonun hujjatida belgilangan 18 turdagi ma'lumot va hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi. Endilikda ushbu hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan “elektron hukumat” platformasi orqali olinadi. Tadbirkorlik subyekti bo'lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig'im va davlat boji to'lovlarini to'lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to'lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Davlatimiz rahbari talablariga asosan, tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik bugun Bosh vazir qabulxonalari xodimlarining ham zaruriy qoidasiga aylangan. Mazkur talab asosida faaoliyat yuritish  tadbirkorlar va chet ellik investorlarning murojaatlarini ko'rib chiqish jarayonida shaffoflik va xolislikni ta'minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kelgusida ham tadbirkorlik sohasidagi har bir masalaga alohida e'tibor qaratilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari, davlat organlari va boshqa masalaga aloqador idoralar bilan hamkorlikda ishlar davom ettiriladi.

Dilshod SHAKAROV,

Navoiy viloyatidagi O'zbekiston Respublikasi

Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini

ko'rib chiqish qabulxonasi mudiri